“NURONIY” BONG URADI! “Shuhrat qoʻrgʻoni”ning shuhrati nega oʻchdi?

2020-04-07 22:21:31 435

“Fashizmga qarshi janglarda halok boʻlganlarga abadiy shon-sharaflar!”

Bu jumla Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi Ikkinchi jahon urushida dushmanga qarshi kurashda qahramonlarcha halok boʻlgan yurtdoshlarimizni sharaflash va mudom yod etish maqsadida barpo qilingan “Shuhrat qoʻrgʻoni” yodgorligi old qismiga bitilgan. Balandligi30 metrdan yuqori boʻlgan yodgorlik lavhasi viloyat markazining aksar joyidan yaqqol koʻzga tashlanadi.

Oʻtgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida qurilgan majmua haqida yoshlar koʻp narsa bilishmaydi. Ilgari bu yerdan tashrif buyuruvchilarning qadami uzilmagan. Kelin-kuyovlar tez-tez gul qoʻygani, bayramda koʻpchilik Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari xotirasiga hurmat bajo aylagani kelishar, yodgorlik bu shaharning ramziga aylangan edi. Endi esa...

“Sevishgan”larni aynan shu joydan topasiz. Goʻyokiyodgorlikning borligi hammaning esidan chiqayozgan. Yodgorlikning avvalgi fusunkorligidan esa asar ham yoʻq. Asosiy yoʻlakning ikki tarafidagiekin-tikinga moʻljallangan joʻyaklar qaqrab yotibdi. Qator tizilgan yoritgichlarda chiroq yoʻq. Soʻlgʻin, qurib-qovjirab qolgan ayrim daraxtlar monumentga “mos”, qarasangiz, koʻngil xira.


Qalbga taskin beradigan yagona holat — Qarshi shahri obodonlashtirish boshqarmasi ishchilari tez-tez bu yerni supurib-sidirib ketishadi. Yodgorlik koʻpdan beri ana shu idora balansida boʻlib, saranjom-sarishtaligi, obodligini taʼminlashga masʼul. Ammo katta maydonni talab darajasida saqlashga ishchilarning qurbi yetmagani bois, yerning maʼlum qismi aholiga ekin-tikin qilish uchun boʻlib berilgan. 

Maydon chorva uchun ozuqa oʻstiriladigan joy boʻldi-qoldi. Chetlarida qurilish boʻlavergach, monument hududi ham ancha kichrayib qolgandek. Uning tarkibidagi binolar esatoʻkilib bormoqda.

Xullas, yuqorida kuzatganimizdek, ziyo­ratgohning abgor holga kelib qolgani achinarlidir. Shu vaqtgacha yodgorlik biror marta ham taʼmirlanmagani koʻrinib turibdi.

— Toʻgʻri, bundan koʻz yumib boʻlmaydi,— deydi Qarshi shahri obodonlashtirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Shoira Yusupova. — Qoʻrgʻon ichidagi muzey avariya holatiga kelib qolgani tufayli yopilgan. Kuchli yomgʻir yogʻsa, suvga toʻladi. Bir tomoni choʻkib ham ketdi. Ikki mashina tuproq tashlab, imkon qadar oʻz kuchimiz bilan epaqaga keltirdik. Oqlaymiz, boʻyaymiz. Bunga hech kim mablagʻ ajratmaydi. Bir necha yil ilgari Toshkentdan mutasaddilar kelib, taʼmirlaymiz, pul ajratamiz, deb vaʼda berishgandi. Biroq hech qanday oʻzgarish boʻlmadi. Oʻtgan yili ikkita obyekt — Xotira xiyoboni va “Shuhrat qoʻrgʻoni”ni obodonlashtirishga mahalliybyudjetdan 5 million soʻm ajratildi. Bu mablagʻ qayoqqa ketdi?!


Darhaqiqat, viloyat markazida joylashgan mazkur majmuani qayta taʼmirlash,sayyohlar tashrifini koʻpaytirish taklifi ilgari surilmoqda. 2013 yil 1 noyabrda Vazirlar Mahkamasining “2013-2015 yillar davrida Qashqadaryo viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan boʻlib, bunga koʻra, tegishli davrda hududdagi tarixiy-madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va ularning holatini yaxshilash boʻyicha manzilli roʻyxat tasdiqlangan edi. “Shuhrat qoʻrgʻoni” ham ana shu roʻyxatga kiritilgan boʻlib, unirestavratsiya qilish va obodonlashtirishkoʻzda tutilgan edi. Ushbu majmuaga davlat byudjeti hisobidan 500 ming AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Loyiha ijrosini nazorat qilish oʻsha paytdagi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish boʻyicha boshboshqarma zimmasiga yuklatilgan.

Oradan qancha yillar oʻtdi. Qarorda koʻrsatilganidek, yodgorlikviloyatdagi muhim turistik obyektgaaylanishi zarur edi. Xoʻsh, ajratilgan oʻshamablagʻ (hozirgi narxda 4,5 milliard soʻm)qanday maqsad uchun ishlatildi? Agar mablagʻ aynan “Shuhrat qoʻrgʻoni”ni obodonlashtirishga sarflanganida edi, u tashlandiq va koʻrimsizholatga tushmas edi.

Yodgorlik oʻziga xos ilgʻor meʼmoriy yechim asosida qurilgani bilan eʼtiborni tortadi. U mahobatli va mustahkam konstruksiyalardan barpo etilgan. Bezak sifatida ishlatilgan shisha mozaikalardaharbiy-vatanprvarlik ruhi mujassam. Jang sahnasi, oʻzbek askarlarining urushdagi jasorati. Demak, bu majmuani mahalliy va xorijlik sayyohlar keladigan diqqatga sazovor joyga aylantirish davr talabidir.

Fikrimizcha, majmuaga ikkinchi hayot bagʻishlash uchun uning negizida davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida faoliyat yuritadigan tadbirkorlar koʻmagiga ehtiyoj mavjud. Faqat ularga bu maskandan maqsadli foydalanish, Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bogʻi” kabi soʻlim goʻshaga aylantirish sharti bilan berilishi lozim. Shunda “Shuhrat qoʻrgʻoni” oʻzining avvalgishuhratini tiklab, shaharning muhim qadamjosiga aylanadi. Bu ish tez kunlarda boshlansa, kelgusi yil 9 may —Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligiga munosib sovgʻaboʻlar edi.

Ushbu masalaga Qashqadaryo viloyati hokimligi mutasaddilari qanday munosabat bildirishadi?Tahririyatimiz ulardan belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan javob kutib qoladi.

Shohida KARIMOV.

Qashqadaryo viloyati


Manba: