OʻZBEKISTON YANGILIKLARI “TOʻQMOQ OTA” JOME MASJIDI QAYTA QURILMOQDA

2019-06-19 17:17:04 13

Davlat rahbarining 2017-yil 28-fevraldagi
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumanini 2017—2018-yillarda
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashga doir qoʻshimcha
chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq toʻqimachilik, farmatsevtika va
elektrotexnika mahsulotlari, tomchilab sugʻorish uskunalari, plastik quvurlar
ishlab chiqarish tashkil etildi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish
boʻyicha imkoniyatlar ishga solindi. Bu haqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
xabar qiladi.

2019-yilda Moʻynoq tumanida sanoat sohasi
boʻyicha 12ta, qishloq xoʻjaligida 5ta, xizmat koʻrsatish boʻyicha 14ta loyiha
amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obʼektlari qurish va
taʼmirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha
loyihalar ishlab chiqilgan.




“Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan asli shu — Moʻynoq aholisi.
Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz,
shunga munosib xizmat qilishimiz kerak”, — degan edi Prezident Shavkat
Mirziyoyev.

Shu bois Prezident kelgusi ikki yilda Moʻynoqda 20 ta koʻp qavatli uy
qurish, yangi shaharcha barpo etish boʻyicha topshiriq berdi. Bu yerda
zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy
infratuzilma yaratish zarurligini taʼkidladi.

Mana ushbu topshiriqlardan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston musulmonlari
qoziyoti tegishli tashkilotlar bilan kelishgan holda Moʻynoq tumanidagi
“Toʻqmoq ota” jome masjidining imoratini zamonaviy shaharsozlik asosida qayta
qurishga ruxsat olgan edi.

6-iyun kuni Moʻynoq tumani hokimiyati, Qoraqalpogʻiston musulmonlari
qoziyoti vakillari, tuman aholisi ishtirokida “Toʻqmoq ota” jome masjidi yangi
imoratining birinchi gʻishtini qoʻyish marosimi boʻldi. Unda Moʻynoq tumani
hokimi S.Daniyarov va Qoraqalpogʻiston musulmonlari qoziyoti qozisi
Sh.Bauatdinovlar ishtirok etdi.


Manba: muslim.uz