BUGUNNING ODAMI: HAMMA BIRDEK BAXTLI BOʻLISHI MUMKINMI?

2019-06-18 19:48:59 14

Bir qarashda hozirgi kunda bizning zaminda yashayotgan odamlarning
hammasini bugunning odami deyish mumkinday. Lekin chin maʼnoda bugunning odami
deganda shu kunning talab va ehtiyojlarini dildan his qilgan, oʻsha talablarga
“labbay” deb javob beruvchi insonlarni tushunish kerak. Oʻz ongu tafakkurini
hozirgi zamonga monand oʻzgartirmagan, hamon eskicha qarashlardan qutulmagan
zamondoshimizni “kechagi kun odami” deb ataymiz.

Hamma birdek baxtli boʻlishi mumkinmi? Mumkin, faqat buning uchun hamma
birday harakat qilishi kerak.

Inson bu dunyoga nega keladi? Albatta, yaxshi yashash uchun. Dunyoning
ilgʻor mamlakatlarida ana shu orzu real voqelikka aylangan. Bizning maqsadimiz
ham shunday: yaxshi hayot kechirishga erishish, yaxshi yashash uchun yaxshi
ishlash kerak. Boshqa yoʻl yoʻq.

...Erta tongda ezgu niyat bilan uygʻonib, ertalabki nonushtaga
oʻtiramiz. Dasturxon atrofida oila aʼzolari toʻliq jam boʻladi. Tamaddi paytida
oʻgʻil-qizlaringizdan ishlari qanday ketayotganini surishtirasiz. “Yaxshi,
hammasi joyida” deb javob qilishadi. “Oʻzlaringiz ishlayotgan joyda islohot
talablari bajarilyaptimi?” degan savolni oʻrtaga tashlaysiz. Shu orqali hammani
umumishiga safarbar etishga undaysiz. Ushbu suhbatning oʻzida kim bugungi kun
odami, kim hamon kechagi kun qolipidan chiqolmaganini aniqlash mumkin.

Haqiqiy hayotga nazar tashlasangiz, turfa manzaralarga guvoh boʻlasiz.
Qayerdadir hamma joyda binolar did bilan qurilgan, yon-atrof anvoyi gullarga
burkangan, odamning bahri-dili ochiladi. Yana boshqa joyda devorlar nuragan,
axlat chiqindilari koʻngilni xufton qiladi. Bu bir-biriga qarama-qarshi boʻlgan
manzaraga qarab, u yerda yashayotgan odamlarning did-farosati, saviyasi haqida
xulosa qilish mumkin.

Eskicha ishlar davom etayotgan joylarda Vatan taqdiriga befarq boʻlmagan
odamlarning faolligi muhim ahamiyatga ega. Agar oʻz uyimizdagi tartibni oʻzimiz
saqlamasak, chetdan birov kelib qilib bermaydi.

Ramazon oyi mobaynida odamlarimizning bir-birlariga mehribonligi,
ayniqsa, iftor kabi tadbirlarda belgilangan qonun-qoidalarga risoladagidek
rioya qilishlari ajoyib qadriyat sifatida el koʻzida namoyon boʻldi. Bular
yaxshi, albatta. Xuddi ana shu eʼtiqod, munosabat Oʻzbekiston taraqqiyoti uchun
fuqarolik burchimizni bajo keltirishga nisbatan koʻzga tashlanishi kerak.
Qoʻygan har bir qadamimiz, aytgan har bir soʻzimiz Vatanimiz obodligiga xizmat
qilishi kerak.

Hayotimizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni anglash, bunga boshqalarning
eʼtiborini qaratishimiz kerak. Bir misol. Ilgari jamoat joylariga tegishli
idora va imoratlarning eshigi omonatday oʻrnatilgan. Tabaqalari yopilsa
ochilmay, ochilsa yopilmay yotardi. Zamonaviy usulda qurilgan eshiklar esa toʻq
jigarrangda boʻlib, bejirim tutqichlari chiroyli dizaynda ishlangan. Akva
derazalarni aytmaysizmi?

Afsus, amalga oshirilayotgan islohotlarni shunchaki tomosha qilayotgan
loqayd kimsalar ham bor oramizda. Koʻrinishidan duppa-durust kiyingan,
zamonaning oldi odamlariga oʻxshaydigan zotlar oʻy-xayolida faqat moddiy neʼmat
orttirish. Ular maʼnaviy jihatdan qashshoq ekanliklarini tan olishmaydi.
Kechagi kunning odamida oʻy-fikrlar ham eskicha. “Men Vatandan nima oldim?” deb
emas, balki “Men Vatanga nima berdim?” degan savol hammani oʻylantirishi kerak.

Gap faqat mol-dunyo orttirishdami?! Prezidentimizning topshirigʻiga
binoan Suriyaning oʻt-olov lovullab turgan oʻchoqlaridan qutqarib olingan
ayollar va bolalarning ahvolini televideniye orqali koʻrdik. Bilib-bilmay
adashganlarning orzusi tinch yurtda bexavotir xonadonda toʻyib uxlash ekan.
Samolyotdan tushgan millatdoshlarimiz Toshkent tuprogʻini oʻpdilar. Ular
davlatimiz gʻamxoʻrligida shifokorlar eʼtiborida bizning hayotimizga
moslashtirilmoqda. Qanchalik vahshiylik, bosqinchilik roʻy berayotgan joydan
kelgan yurtdoshlarimiz Namangandagi gullar bayramini koʻrishsa qanday
boʻlarkan?! Xiva markazidagi yangi xiyobonni, Oqtepadagi “Sohil boʻyi”
yoʻlaklarini, Manas, Gagarin shaharchasini tomosha qilishsa tush koʻrganday
boʻlishsa kerak. Shunday jannatmonand, farovon, osoyishta mamlakatning fuqarosi
boʻlish baxt emasmi?! Hozircha yurtimizda alohida olingan qishloq, shaharlarni
bu qadar koʻrkam koʻrishimizdan maqsad nima? Bizningcha, bugun Oʻzbekistonni
shunday goʻzal diyorga aylantirish mumkinligiga jonli misol sifatida shunday
qilinyapti. Prezidentimiz Boʻka tumanidagi Boʻston qishlogʻiga tashrif buyurganda
“Bugungi oʻzgarishlar — rahbarlar xohlasa, nima qilishi mumkinligiga misol” deb
baho berdilar.

Prezidentimizning serharakat, faol boʻlib ishlayotganini koʻp
taʼkidlashadi. Toʻgʻri, lekin bir inson hamma narsaga ulgura oladimi? U
kishining zimmasida juda koʻp vazifa bor. Shunday boʻlsa-da, davlatimiz rahbari
viloyatlarga borganda oddiy odamlarning hayoti, oʻy-fikrlari bilan qiziqadi.
Hamma saʼy-harakat shu odamlar ogʻirini yengil qilish, hayotini yaxshilash
uchun boʻlmoqda. Prezidentimizning hududlarga tashrifi rahbarlar, faollar,
yoshlar uchun katta maktab boʻlayapti desak, mubolagʻa emas. Mazkur mavzuga
bagʻishlangan maxsus koʻrsatuvlarda xalq xoʻjaligining turli sohalari vakillari
bir-biridan qiziqarli taqdimotlar oʻtkazishyapti. Ularda kelgusida amalga
oshiriladigan ishlar rejasi haqida shu qadar maroqli hikoyalar soʻzlanadiki,
beixtiyor bu gaplar hammasi rostmikan, deb oʻylanib qolasiz. Bunday xayolga
borishimiz bejiz emas. Masalan, 2018-yil bahorida Prezidentimiz Jizzax
viloyatiga tashrif buyurganda vioyat markazidagi “Oʻrda” bogʻini tartibga
keltirish, aholi dam olishi uchun namunali sharoit yaratish lozimligi haqida
aniq topshiriq bergandi. Gʻoya boʻyicha bu ishlar bir oydan keyin boshlanib
ketishi kerak edi. Nima boʻldi, deysizmi? Oradan oʻtgan bir yildan koʻp vaqt
ichida 2019-yil 5-iyun — Butun jahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunida
Oʻzbekiston ekologlar partiyasi saʼy-harakati bilan hashar oʻtkazildi. Bogʻni
obod qilishni zimmasiga oladigan tadbirkor topildi, eng muhimi, xorijiy
investor ham tayyor. Lekin viloyat rahbarlari bu ishni rasmiy jihatlarini hal
etishga rozi boʻlmay, paysalga solishmoqda. Umid qilamizki, davlatimiz rahbari
tashabbusi bilan faoliyatni boshlagan Bosh vazir qabulxonasi tadbirkorlarga
yordam berib yuborar. Har holda ushbu tuzilmaning tashkil etilganidan xalqimiz
minnatdor. Aslida xalq dardini eshitish, muammolarga tezkor yechim topish bilan
shugʻullanadigan qabulxonaga 2016-yil sentyabr oyida Bosh vazir tomonidan asos
solingan edi.

Aholi tinchligini saqlash, el-yurt osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida
muhim bir islohot amalga oshirilmoqda. Uning xalqchilligi shundaki, respublika,
viloyat miqyosidagi ichki ishlar organlari quyi boʻgʻinga tushirilyapti,
hayotga yaqinlashtirilyapti. Toʻgʻri-da, nazoratchi organ uzoqdan kuzatgani
maʼqulmi yoki yaqindan faoliyat yuritganimi?! Xuddi shu tamoyilga asoslanib
mahallalarga munosabat ham oʻzgarmoqda. Prezidentimiz mahalla oqsoqoli hokim
boʻlishi mumkin, lekin har qanday hokim mahallaga oqsoqol boʻlolmaydi,
deganlarida hayotimizda mahallaning oʻrni alohida ekanligini nazarda tutdilar.

Yer bilan ishlash dehqondan alohida eʼtiborni talab qiladi. Azaldan yer
— rizqi-roʻzimiz, boyliklar manbai degan tushuncha mavjud. Lekin bu yerdan
istagancha noz-neʼmat sugʻurib olish mumkin, degani emas. Yer ham inson kabi
nafas oladi, oʻziga maʼdan, tabiiy oʻgʻit qabul qiladi. Bu talabni ham
shunchaki oddiy tushunmaslik kerak. Biz XXI asrda yashayapmiz. Shunday ekan,
dehqonchilikning ilmiy asoslangan usullarini joriy etishimiz, boshqacha
aytganda, innovatsion yoʻldan yurishimiz kerak. Zotan, ana shu talabga amal
qilgan jamoalarda ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Amalda olimlar bilan dehqonlar oʻrtasida oraliq masofa ancha ekanligini
tan olaylik. Ilm bir yonu ishlab chiqarish bir yon. Aslida shu ilm emasmi
hayotimizni yaxshilashga xizmat qilishga daʼvat etilgan soha?!
Prezidentimizning ilm-fan vakillari bilan muloqotida sohadagi ishlardan koʻngil
toʻlmayotganini yaqqol koʻrsatdi. Xoʻsh, yurtimizga munosib olimlar qayerdan
paydo boʻladi? Albatta, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalardan.
Shu haqda gap ketganda Toshkentdagi talabalar shaharchasi koʻz oldimizga
keladi. Tabiat bagʻrida koʻrkam qiyofa kasb etgan bu manzil Oʻzbekistonning eng
goʻzal goʻshasiga aylanibdi. Davlatimiz rahbari bu zaminga qadam qoʻyganlarida
ilm-fanimizning ertasi porloq ekanligiga ishonch hosil qildik. Ijodiy muhit,
yorqin istiqbol har bir ziyoliga ilhom baxsh etaversin.

Har bir davrning oʻz shiori boʻladi. Nazarimizda, Angrendagi davlat
xizmatlari markazi foyesiga yozib qoʻyilgan ushbu soʻzlar hammamizning
maqsadimizni aks ettiradi. “Biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va
intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz”.

Prezidentimizning ilhombaxsh bu soʻzlari bugungi kun odamlarining
qalbida aks-sado bermoqda.


Shuhrat JABBOROV,

Oʻzbekiston Respublikasida

xizmat koʻrsatgan jurnalist


Manba: uza.uz