TANIQLI REJISSIYOR JAVLON TOSHXOʻJAYEV OLAMDAN OʻTDI

2019-06-19 21:33:26 12

1961-yildan 1973-yilgacha 144ta radiopostanovkaga rejissyorlik qilgan radio va teatr rejissyori, Respublikada xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Javlon TOSHXOʻJAYEV uzoq davom etgan xastalikdan soʻng 75 yoshida vafot etdi.

Javlon Hamidovich Toshxoʻjayev 1943-yilning 11-dekabrida Toshkent shahrida tugʻilgan. 1953-yildan boshlab 10 yoshidan Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining bolalar tahririyatida havaskor diktor, 1960 – 1974-yillarda oliy toifadagi teleradiorejissyor lavozimlarida ishlagan. Radio fonotekasi “Oltin fondi”da 200 dan ziyod asarlari mavjud. “Tabassum” radiojurnali, “Dugonajonlar”, “Yoshlik radiostansiyasi” “Alanga” radiojurnallari asoschisi.

Javlon Toshxoʻjayev 1974-yilda Respublika Madaniyat vazirligining buyrugʻiga koʻra, Fargʻona va Andijon viloyatlariga yuborilgan. 4 yil Qoʻqon shahar teatrida rejissyor, 32 yil mobaynida Andijon viloyati madaniyat boshqarmasida masʼul lavozimlarda, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyati musiqali drama teatrida teatr direktori va bosh rejissyori lavozimlarida ishlagan.

Javlon Toshxoʻjayev mehnat faoliyati davrida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni, turli koʻkrak nishonlari hamda faxriy yorliqlar bilan taqdirlangan.

Taniqli rejissyor, mehribon ustoz, kamtarin inson Javlon Toshxoʻjayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.

Marhumning yaqinlariga hamdardlik bildiriladi.


Manba: uza.uz