575 NAFAR FUQARO AVF ETILDI. ENDI ULARNING KELAJAGIGA BARCHAMIZ MASʼUL

2019-06-18 20:04:05 10

Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay.

Xalqimizga xos boʻlgan oʻzaro hurmat, mehr-oqibat, kechirimlilik va shukronalik kabi olijanob qadriyatlar mujassam boʻlgan muborak Ramazon hayiti arafasida muhtaram Yurtboshimiz yana bir muhim hujjatga imzo chekdi.

Davlatimiz rahbarining “Jazo muddatini oʻtayotgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan va tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan bir guruh shaxslarni afv etish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 575 nafar fuqaro avf etildi. Ularning 361 nafari jazodan toʻliq ozod qilinib, ota-onasi, farzandlari va yaqinlari bagʻriga qaytarildi, 214 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum etish jazo muddatlari qisqartirildi.


Taʼkidlash lozimki, mazkur farmonning qabul qilinishi 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar ijrosining yana bir amaliy tasdigʻi boʻldi.

Mazkur farmon asosiysi yuzlab vatandoshlarimizning oʻz uylariga qaytishi natijasida oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitning barqarorligi taʼminlanadi, kechagi mahkum bugun ishlash, yaratish, turmushini oʻnglash, farzandlari tarbiyasi bilan shugʻullanish, mavjud sharoit va imtiyozlardan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda, albatta, tegishli davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik vakillari, nuroniylar, mahalla oqsoqollari va faollari ularga qisqa fursatda ijtimoiy moslashuvlari uchun yordam berishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Afv etish masalalari boʻyicha komissiya qoʻshimcha oʻrganish lozim, deb topilgan mahkumlar bilan suhbat oʻtkazish maqsadida tashkil qilingan guruh Toshkent viloyatining Chirchiq shahri va Boʻstonliq tumanidagi jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan 80 dan ziyod mahkum bilan uchrashdi.


Muloqotlar chogʻida har bir mahkumning oʻz aybiga toʻla iqrorligi, pushaymonligi va afv etilgan taqdirda jinoyatga qayta qoʻl urmasligini ularning soʻzlaridan, yuz-koʻzlaridan ilgʻab olish mumkin edi. Suhbat jarayonida davlatimiz tomonidan ularni yolgʻizlatib qoʻymaslik, ish oʻrinlari bilan taʼminlash, mavjud imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida soʻzlab berganimizda ularda ozodlikka chiqish orzusi va oila farovonligini taʼminlash yoʻlida halol mehnat qilish istagi qanchalar kuchli ekanligini his etdik.

Shak-shubhasiz, mazkur farmon mamlakatimiz fuqarolarining hamjihatligi va jipsligini mus­tahkamlashga xizmat qiladi. Zero, yiqilganni turgʻizish, xato qilganni kechirish xalqimizga xos yuksak fazilat boʻlib, tarixda bu borada koʻplab misollar bor.

Bu oʻrinda buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temurning “Temur tuzuklari”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”, Alisher Navoiyning “Xamsa” kabi mashhur asarlaridagi xalqimizga xos bagʻrikenglik, kechirimlilik hislatlarini namoyon etuvchi ibratli misol va misralarni yodga olish oʻrinlidir.

Xususan, Hazrat Alisher Navoiy:

Kimki bir koʻngli buzuqning xotirin shod aylagay,

Oncha borkim, Kaʼba vayron boʻlsa, obod aylagay.

Shuhrat USMONOV,

“Nuroniy” jamgʻarmasi respublika Boshqaruvi raisi oʻrinbosari,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Afv etish masalalari boʻyicha komissiya aʼzosi


Manba: