SALOMATLIK: Umurtqadagi muammolardan xalos boʻlish mumkinmi?

2020-05-30 08:00:10 543

Koʻcha-koʻyda, baʼzan tanish-bilishlar orasida oʻtirib-turganda qiynalayotgan, yurganida qoʻliga aso ushlab, ogʻirsinib harakatlanayotgan kishilarni uchratamiz. Bu — radikulit alomatidir. Bunga koʻpincha umurtqa pogʻonasi kasalligi (osteoxondroz) sabab boʻladi, umurtqalararo disk elastikligini yoʻqotib, moʻrt boʻlib qoladi. Diski oʻzgargan umurtqaning birikkan yerida tuz yigʻilib, suyak oʻsishi (osteofitlar) kuzatiladi. Oʻsib chiqqan suyak nerv ildizchalarini qisishi natijasida ogʻriq paydo boʻladi.

Kasallikni nimalar keltirib chiqaradi?

Kishi bu darddan saqlanishi uchun, avvalo, umurtqa pogʻonasi kasalliklaridan oʻzini asrashi lozim. Ayniqsa, osteoxondroz va skolioz radikulit uchun ayni muddao. Baʼzan kam harakatlilik, zax va sovuq joylarda ishlash natijasida tananing sovqotishi, ogʻir yuk koʻtarish tufayli ham radikulit paydo boʻladi.

Odatda bu xastalik birdaniga paydo boʻlib, koʻp hollarda surunkali shaklga oʻtadi. Nerv tolalarining qaysi qismi zararlanganiga qarab, kasallik ham har xil boʻladi. Eng koʻp tarqalgan turi — bel-dumgʻaza radikulitidir. Bunda bel-dumgʻaza sohasida hamda quymich nerv boʻylab har xil ogʻriq paydo boʻladi. Ogʻriq qimirlagan paytda kuchayadi, shu bois bemor birdaniga qimirlay olmaydi, yurganida esa tanasini oldinga yoki yoniga egib oladi. Natijada umurtqa pogʻonasining qiyshayishi, orqa mushaklarining taranglashishi kuzatiladi.

Agar faqat bel nervi ildizchalari zararlansa, ogʻriq son yuzasida boʻladi. Dumgʻaza boʻlimi ildizchalari zararlanishi bilan ogʻriq quymich nervi boʻylab dumba, sonning orqa yuzasi, boldir, oyoq panjasiga tarqaladi. Oyoq sovqotadi, uvushadi, chumoli yurgandek seziladi. Kasal oyoqning mushaklari tonusi pasayadi va “soʻlib” qolganga oʻxshaydi. Quymich nervining tortilishi natijasida, ayniqsa, odam engashganda, oyoq koʻtarilganda va shunga oʻxshash vaziyatlarda ogʻriqning zoʻrayishi kuzatiladi.

Boʻyin-yelka radikulitida ogʻriq ensaga, yelkaga, kurakka tarqaladi. Boshni qimirlatish va atrofga qarash, qoʻl qimirlatish, aksa urish, yoʻtalishda ogʻriq zoʻrayadi. Kasallikning ogʻir shakllarida qoʻl uvushadi, lovullab achishadi va sanchadi, keyinchalik sezish ham oʻzgara borib, sekin-asta mushaklar kuchsizlanib “ozadi”. Radikulitning disk churrasi turi esa nafaqat kattalarda, balki kichik yoshdagilarda ham uchraydi. Boisi koʻpchilik ishini uyda, kompyuter va internetda hal qilmoqda. Kam harakatlilik esa bu kasallik paydo boʻlishi uchun ayni muddaodir.

Davolash mumkinmi?

Sizda radikulit kasalligi mavjud boʻlsa, aslo tushkunlikka tushmang. Toʻgʻri, bu kasallikning ogʻrigʻi kuchli, ammo bedavo dard emas. Bemor imkon qadar kasallikni zoʻraytirmasdan shifokorga koʻrinsa, sogʻayishi oson boʻladi va kasallik surunkali tus olmaydi. Radikulit oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketmaydi. U gohida 3-4 kun ichida oʻtib ketishi mumkin. Biroq bu kasallik butunlay yoʻqoldi, degani emas. Aksincha, bu oʻtkir radikulit boʻlib, yana qaytalab qolishi bilan xavfli.

Koʻpincha radikulit uzoq muddatga choʻzilib, bemorga azob beradi. Bu davrda kasallikka eʼtiborsizlik bilan qaralsa, bora-bora bemor harakatlanishga qiynaladi, oqsoqlanadi, hatto yurolmay qoladi. Buning natijasida tanada ikkilamchi harakat tizimi oʻzgarishlari yuzaga kelib, kishi yana boshqa kasalliklarga chalinib qolishi ham mumkin. Kasalikka chalingan organizm noziklashib qoladi va kutilmaganda qilingan arzimas harakatlar, ogʻir yuk koʻtarish, hatto havo biroz soviganda ham bu kasallik ularni bezovta qilaveradi.

Radikulitdan yiroq boʻlay desangiz, shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qiling, doimiy harakatda boʻling. Uning oldini olish uchun davo gimnastikasi, jismoniy tarbiya bilan shugʻullaning.

Altingul SERJANOVA,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

koʻp tarmoqli tibbiyot markazi

nevrapotologi, oliy toifadagi shifokor.


Manba: mahalladosh.uz