“MEHNAT FAXRIYSI” KOʻKRAK NISHONLARI TOPSHIRILDI

2019-05-22 17:07:57 20

Oʻzbekiston milliy akademik drama teatrida bir guruh nuroniylarni Prezidentimiz tomonidan taʼsis etilgan “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 28 dekabrdagi “Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq taʼsis etilgan “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, taʼlim, sogʻliqni saqlash, yurisprudensiya hamda boshqa sohalarida koʻp yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamaydigan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida masʼuliyat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bagʻishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalar taqdirlanadi.

Shu kungacha I darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoniga 212 nafar, II jalisiga 226 va III darajaga 476 nafar nuroniy sazovor boʻldi. Faxriy nishon egalariga Nizomda belgilangan pul mukofotlari hamda esdalik sovgʻalari topshirildi. Ulardan 174 nafari ayoldir.

Mukofotlanganlar orasida Oliy Majlis Senati qoʻmita raisi Farrux Dadaxoʻjayev, Oʻzbekiston Qahramoni Zayniddin Nizomxoʻjayev, Oʻzbekiston Xalq artisti Rixsi Ibrohimova, general-polkovnik Zokirjon Almatov, sanoat, iqtisodiyot va agrar soha, fan va madaniyat arboblari – faol faxriylar oʻrin olgan.

Tantanali marosimga QQR, barcha viloyatlar, Toshkent shahridan faxrli nishonga sazovor boʻlgan eng hurmatli nuroniylar taklif etildi.

Ushbu tadbirda jamgʻarma Vasiylik kengashi va Boshqaruv aʼzolari, davlat va jamoat birlashmalari vakillari, xususan, respublika Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Mahalla” fondi, Yoshlar ittifoqi, poytaxt jamoatchiligi vakillari, koʻplab mehmonlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

Mukofotlanganlarni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari, jamgʻarma Vasiylik kengashining raisi Aziz Abduhakimov tabrikladi.

Eng munosib faxriylarni mana shunday sharaflash tadbirlari “Nuroniy” jamgʻarmasining barcha hududiy kengashlarida ham boʻlib oʻtmoqda.

Manba: “Nuroniy” jamgʻarmasi Matbuot xizmati