“NURONIY” JAMGʻARMASINING TOSHKENT VILOYAT BOʻLIMI YIGʻILISHI OʻTKAZILDI

2019-11-10 08:50:38 240

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yil iyun oyi boshida Toshkent viloyatida boʻlib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilangan rejalar ijrosi bilan tanishib, xato va kamchiliklarni tezroq bartaraf qilish, mavjud imkoniyat va resurslardan oqilona foydalanish, jumladan, jamoatchilik bilan ishlashda keksalarning ishtirokini faollashtirish yuzasidan topshiriqlar bergan edi. Kuni kecha Nurafshon shahrida “Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent viloyati boʻlimi kengashining yigʻilishi ushbu vazifalar ijrosiga bagʻishlandi.

Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi Sh.Jalilov, viloyat hokimi R.Xolmatov, jamgʻarmaning Bekobod va Oʻrta Chirchiq tumanlari rahbarlari E.Roʻziboyev, Z.Yoʻldoshev, viloyat hokimi oʻrinbosari - xotin-qizlar qoʻmitasining raisi O.Parpiboyeva, Oʻzbekiston xalq shoiri Mahmud Toir soʻzga chiqdilar. Prezident tomonidan nuroniylar oldiga qoʻyilgan vazifalar bajarilishiga jamgʻarma faollarini yanada kengroq jalb etish lozimligi uqtirildi.

Shuningdek, Sayfulla Asadov viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi maslahatchisi etib tayinlangani munosabati bilan “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi vazifasidan ozod etildi.

“Nuroniy” jamgʻarmasi matbuot xizmati


Manba: