KASBIM – FAXRIM. Taqrizdan boshlangan ijod

2019-07-20 00:35:00 41

XX asrning 60 yillarida gazetalar hozirgidek koʻp emas edi. Oʻsha yillari Murod Halil viloyat gazetasidagi taniqli jurnalistlardan biri edi. Adabiyot ixlosmandlari shoir va yozuvchi, oʻtkir publitsist Murod Halilni hurmat bilan tilga olishardi.

Zayniddin ham Murod Halilning gazetachilik ishiga havas qilardi. Shu bois oliy oʻquv yurtini bitirib, Buxoro xotin-qizlar pedagogika bilim yurtida ishlab yurgan Zayniddinning shoir ijodiga boʻlgan mehri uning yoniga yetaklaydi. Murod Halil yosh ijodkorning qiziqishlari haqida surishtirib, biror narsa yozib berishini soʻraydi. Shunda Zayniddin Mirtemir dostoniga taqriz yozadi. Taqriz haqiqatdan dostonning mohiyatini, maqsadi va ahamiyatini toʻlaligicha ochib bergani, taqrizchining munosabati bilan tahlil qilingani Murod Halilga manzur boʻladi va gazetada chop etiladi. Ushbu voqea Zayniddin Bahodirovning gazetchilik sohasiga kirib kelishi, “Buxoro haqiqati” gazetasida qator publitsistik maqolalari chop etilishiga turtki beradi.

Xullas, Z.Baxodirov 1970-yilda Gʻijduvon tuman gazetasi – “Kolxoz xaqiqati” gazetasi (hozirgi “Gʻijduvon” gazetasi)da adabiy xodim, keyinchalik muharrir oʻrinbosari lavozimlarida ishladi. Uning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy mavzulardagi tanqidiy, tahliliy maqolalari nafaqat tuman, balki viloyat, respublika nashrlarida yoritildi, muallif xalq tiliga tushdi. Quvonarlisi, muallifning felyetonlarida koʻtarilgan turli muammolar mutasaddilar eʼtiborida ijobiy yechim topdi.

Darhaqiqat, Zayniddin Bahodirov nafaqaga chiqqunga qadar umrini taʼlim va matbuot sohasiga bagʻishladi. U Gʻijduvon halq taʼlimi boʻlimiga qarashli 27- hamda 4-maktablarda direktor lavozimida ishlash bilan birga, jurnalist sifatida ham qalam tebratdi. Shu yillar davomida koʻplab shogirdlar yetishtirdi.

Ayni paytda nafaqadagi faxriy jurnalist Zayniddin ota Bahodirov neva-chevaralar ardogʻida keksalik gashtini surmoqda. Ammo u endi qaridim, deya uyda oyoq uzatib oʻtirgani yoʻq. Mamlakatimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish, yoshlar tarbiyasi bilan shugʻullanish va ularni kitobga qiziqishini oshirishga hissa qoʻshib kelmoqda. Ayniqsa, keksa ijodkorning mahalliy nashrlarda chop etilayotgan nuroniylar faolligini oshirishga turtki beruvchi, tashabbuslarga undovchi turkum maqolalari tashabbuskor nuroniylar safini kengaytirib, ezgu ishlarga qanot bagʻishlamoqda.

Rahmatillo MAHMUDOV,

“Nuroniy” jamgʻarmasi

Gʻijduvon tumani boʻlimi raisi.


Manba: “Nuroniy” газетаси