NURONIYLAR — FAXRIMIZ. Andijon viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi faxriylar kengashi raisi Joʻraboy Isoqov haqida

2019-11-12 02:48:22 159

Inson umrining tabarruk fasli – keksalikdir. Ayni pallada kishi tafakkuri toʻlishadi, tiniqlashadi. Turfa sinovlarni koʻrgan, past-baland manzillardan halol mehnat va sabot bilan oʻtgan nuroniylarimiz tajribasi avlodlar uchun beqiyos ibrat maktabidir. Biz ularni qanchalik qadrlasak, eʼzozlasak, hurmat-eʼtibor koʻrsatsak kam. Zero, vaqti kelib bu amallarimiz bizga-da kelgusi avloddan qaytmogʻi aniq. Ahamiyatlisi shundaki, bizning tizimda mehnat qilayotgan har bir rahbar, ishchi-xodim va mutaxassis bu hayotiy haqiqatni yaxshi anglaydi.

Shu bois, jamoamizda tizimda ishlab pensiyaga kuzatilgan sobiq xodimlarimiz xolidan tez-tez xabar olib turiladi. Muhim sanalar, bayramu tadbirlarimiz ularsiz oʻtmaydi.

Bu ishlarning boshida viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi faxriylar kengashi raisi Joʻraboy Isoqov turadi. Butun umri, bilim va mehnat faoliyatini shu tizimning rivojlanishiga bagʻishlagan bu oqsoqol haqida har qancha iliq soʻzlar aytish mumkin. U kishi ikki avlod vakillari — yoshlar va keksalar oʻrtasida oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, ular ishtirokida uchrashuv va mahorat mashvaratlarining chin tashkilotchisi sifatida barchamizning hurmatimizni qozongan. Hatto, ishdan ortib, mahalla hayotida ham faol ishtirok etishi eʼtiborga molik. Fikrimizni u istiqomat qilaayotgan Andijon shahridagi “Hamdoʻstlik” mahalla fuqarolar yigʻini raisining keksalar va faxriylar boʻyicha maslahatchisi Ergashboy Qoraboyevning soʻzlari ham tasdiqlaydi:

— Joʻraboy Isoqov mahallamizning obroʻli va tajribali nuroniylaridan, — deydi Ergashboy Qoraboyevi — Shu bois, turli tadbirlar, maʼraka-majlislar uning ishtirokisiz, maslahatisiz oʻtmaydi. Xususan, yoshlar tarbiyasi, oilalar mustahkamligini taʼminlash, ajrimlarning oldini olish, obodonlashtirish va boshqa qator tadbirlarda uning oʻz oʻrni va hissasi beqiyos. Chunki, oʻz mehnat faoliyatini 1966-yilda boshlagan Joʻraboy ota 2010-yilgacha asosan, masʼul vazifalarda ishladi. Viloyatda elektr energiyasi uzatish tizimini rivojlantirish, yangi-yangi tarmoqlarni ishga tushirishga bosh boʻldi. Oʻz vaqtida oʻta muhim obyekt hisoblangan Andijon — Toʻxtagul liniyasini barpo etishda yetakchi mutaxassislar safida mehnat qildi. Qoʻshni Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh va Jalolobod viloyatlari energetiklari bilan hamkorlikda ishga tushirilgan bu tarmoq oʻsha paytda viloyat xalq xoʻjaligini rivojlantirish, aholini uzluksiz elektr toki bilan taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etardi. Sirasini aytganda, Joʻraboy Isoqovdagi tashkilotchilik, jonsaraklik, bilim va tajribani hisobga olib, mahalladoshlar bilan bir necha marta mahalla raisligiga tavsiya qildik. Ammo u oʻz safdoshlari, hamkasblariga boʻlgan mehri bois hamon tizimda mehnat qilyapti.

Darhaqiqat, Joʻraboy Isoqov barakali mehnat faoliyatiga ega. U dastlabki ish kunidan to shu kunga qadar bir joyda — viloyat elektr tarmoqlari korxonasida ishladi. Muhandis, boʻlim boshligʻi, bosh muhandis, korxona direktori vazifalarida mehnat qilib, yuzlab shogirdlar tayyorladi. Kamtarona mehnatlari evaziga “Oʻzbekiston energetika faxriysi” unvoniga munosib koʻrildi. Qarangki, bu yil ham uning koʻksini yana bir mukofot bezadi. Joʻraboy Isoqov II darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu Joʻraboy akaning xizmatlariga berilgan munosib eʼtirofdir.

Viloyatimizda Joʻraboy Isoqov singari hurmat-ehtiromga sazovor boʻlganlar bir talay. Xususan, tizimda ishlab hozirda keksalik gashtini surayotgan 275 nafar nuroniyning har biri jamoamizda, oʻz mahallasida, oilasida eʼtibor qozongan. Jumladan, izboskanlik Siddiqali Mallayev, Andijon shahridan Azimjon Abdullayev, Andijon tumanidan Mahkamjon Otaxonov, boʻzlik Akbarali Qoʻldoshev, kuyganyorlik Akbarali Gʻoziyevning umr yoʻllari barchamizga ibrat maktabidir.

Ayni kunlarda shunday faol nuroniylar tajribasidan foydalanish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish maqsadida viloyat elektr tarmoqlari korxonasining har bir tuman tizimida faxriylar kengashlarini tuzishga eʼtibor qaratyapmiz.

Darvoqe, korxonamizda mehnat faxriylarini qoʻllab-quvvatlash, vaqti-vaqti bilan ular holidan xabar olib turish borasida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, har oy, chorak va bayramlar arafasida galma-gal keksalarimiz huzuriga tashrif buyuramiz. Ularning yashash sharoiti bilan yaqindan tanishamiz, mavjud muammolarni joyida bartaraf etishga harakat qilamiz. Zarur hollarda ularni davolash profilaktika muassasalari va sanatoriylarga yuboramiz. Xususan, 2018-yilda korxonamiz tomonidan 47 nafar mehnat faxriysi respublikamizning turli dam olish maskanlariga yuborildi. 15 nafari viloyat va vodiy shifoxonalarida oʻz salomatligini tiklab qaytdi. 22 nafar otaxon va onaxonning yashash sharoitini yaxshilashga yordam berildi, yana 10 nafariga turli uy jihozlari, roʻzgʻor buyumlari sovgʻa qilindi.

Bunday eʼtibordan ruhlangan, quvongan otaxonlarimizni koʻrib, koʻnglimiz yorishadi. Ularning samimiy minnatdorchiligi, duolari bizni yangidan-yangi tashabbuslarga chorlaydi.

— Men ham elektr tarmoqlari korxonasi tizimida 35 yil mehnat qilib, pensiyaga chiqqanman, — deydi izboskanlik mehnat faxriysi Sidiqali Mallayev. — Izdoshlarimizga, shogirdlarimizga, korxona rahbariyatiga katta rahmat. Ular bizni yolgʻizlatib qoʻyishmaydi. Yil davomida uch-toʻrt bora yoʻqlab kelishadi. Bayramlarda toʻkin dasturxon tuzab, ehtirom koʻrsatishadi. Ayyomlar bahona biz, keksa avlod vakillari oʻzaro diydorlashamiz, yoshlikka qaytib, safdoshlarimizni xotirlaymiz. Oʻz navbatida, bizni qadrlagan, ehtirom koʻrsatgan yoshlarimizni hamisha duo qilamiz.

Ha, keksalarni qadrlash, ularni qoʻllab-quvvatlash bizning tizimda oʻziga xos anʼanaga aylanib qolgan. Jumladan, bu maqsadlar uchun birgina 2018-yilda 10 million soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilgan boʻlsa, joriy yil ushbu mablagʻ salmogʻi yanada ortdi. Aslida, gap mablagʻda ham emas. Eng asosiysi eʼtibor, mehrda. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28 dekbardagi “Oʻzbekiston faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonida koʻrsatib oʻtilganidek, faxriylarning Oʻzbekistonni yangilash va rivojlantirishdagi oʻrni katta. Yoshlarni Vatanga muhabbat, keksalarga hurmat, milliy anʼana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda ularning boy hayotiy tajribasidan foydalanish, biz keksalar zimmasiga ulkan masʼul­iyat yuklaydi. Bu borada barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz va faxrimiz boʻlgan nuroniylarni doimo eʼzozlashdan charchamaymiz.

Ahadjon JOʻRAYEV,

Andijon viloyati hududiy elektr

tarmoqlari korxonasi

bosh direktori.


Manba: “Nuroniy” газетаси