NURONIY NASIHATI.Bir jinoyat boshqasiga yoʻl ochmasin

2019-11-06 17:51:09 114

Bundan uch-toʻrt yil oldin farzandlarim tugʻilgan kunimga telefon sovgʻa qilishdi. Xursand boʻlib, ularning haqlariga duo qildim. Katta ekranli bu mitti qurilma bilan dunyoni kezib chiqish mumkin.

Ayniqsa, xorijda ishlayotgan jigarlarim bilan kunda-kunora gaplashib turish imkoniyati tugʻilganini aytmaysizmi?! Sekin-asta Internetni oʻrganib oldim. Yangilik­larni oʻqiyman, ijtimoiy saytlardagi maqolalar bilan tanishib turaman. Bir donishmand aytganidek, dunyoni qoʻlimda olmadek aylantiraman.

Biroq oʻylashimcha, ijtimoiy tarmoqlarda axborot olish imkoniyati qancha kengaygan sari yolgʻon aralash xabarlar ham koʻpayib ketdi. Baʼzi xabarlarni oʻqishim bilanoq yolgʻonligi sezlib qoladi. Baʼzilari esa oʻqishga ham arzimaydi.

... Ayol erini chopib tashladi...

... Kelinchak mast holda qaynotasini oʻldirib qoʻydi...

... Oʻn kunlik kelinchak ayovsiz kaltak­landi...

... Bir oila aʼzolari oʻldirib ketildi...

... Talaba oʻz joniga qasd qildi...

Bu kabi noxush xabarlar negadir vahimali suratlar bilan beriladi, hatto qon sachragan pichoq, boʻyinga solingan arqon ham ilova qilinadi.

Avvalo, sovuq xabarning oʻziyoq kishida nafrat uygʻotadi. Shunday boʻlgach, odam qalbini larzaga soladigan suratlarni ham joylash shartmikin? Oʻtgan yili bir ayol bolasini oʻldirib, archa tagiga tashlab ketgani aks etgan suratni koʻrib, ancha vaqt oʻzimga kela olmadim. Har kuni oʻsha goʻdakni oʻylayman. Begʻubor bolajonning nigohi koʻz oldimdan ketmaydi. Menga oʻxshagan taʼsirchan, koʻngli boʻsh keksalar oz, deysizmi? Shu-shu faqat ijobiy xabarlarni oʻqiydigan boʻldim.

“Daryo.uz” saytida 3 yoshli qizni zoʻrlagan qoʻshni va voqea tafsilotlari bayon etilgan maqola eʼlon qilindi. Hatto xayoldan oʻtkazishga uyaladigan voqeani keng jamoatchilikka miridan-sirigacha bayon etish shartmikan? Xoʻp, oʻsha qoʻshni jinoyatga – gunohi azimga qoʻl urdi. Ammo uning farzandlari, qolaversa, oʻsha qizaloqda nima ayb? Nega ularni jamoatchilik muhokamasiga aylantirish kerak? Axir, ular erta katta boʻladi. Mahalla-kuyga qoʻshiladi. Ana oʻshanda hech kim ularga “maʼnoli” qarash qilmasligiga kim kafolat beradi? Shu maʼnoda bunday holatlarni ipidan-ignasigacha ocholmayotgan tergov organlariga ham qoyil qolmadim.

Yaqinda bulungʻurlik oʻn kunlik kelinchakni eri kaltaklagani haqidagi xabarni oʻqib, etim junjikib ketdi. Muborak ramazon oyi edi. Hamma bir-biriga yaxshilik sogʻinadigan payt. Oʻshanda voqea tafsilotidan koʻra yuz-koʻzi koʻkarib, momataloq boʻlib ketgan kelinchakning surati ommalashib ketdi. Surat ekspertiza yoki xabarning haqqoniyligini isbotlash uchun kerakdir. Ammo kelinchakning koʻngli-chi? Uning taqdiri, kelajagi, qoʻni-qoʻshni, tanish-bilishlar oldida obroʻsi-chi? Bu kabi savollar nahotki joʻrnalistni oʻylantirmasa?

Achinarlisi, bu postdan soʻng “xotinini doʻpposlagan erni toshboʻron qilish kerak, sazoyi qilish kerak, degan mazmundagi taʼna-dashnomlar koʻpaydi. Axir, jinoyatga jazo tayinlaydigan sud bor. Qolaversa, qonun ham istagan fuqaroga bunday huquqni bergan emas.

Yaqinda bir guruh vatandoshlarimizning Suriyadan yurtimizga qaytarilgani haqidagi xabarni televizorda koʻrib, Prezidentimiz haqiga duo qildik. Inson xato qilishi, hatto gunoh qilishi mumkin. Lekin uni kechirish, otalarcha gʻamxoʻrlik koʻrsatish katta jasoratdir. Ushbu manzarani koʻrganlar birgina nojoʻya bosilgan qadam ogʻir oqibatlarga olib kelishini anglab yetishdi. Meni hayron qoldirgan holat shuki, baʼzilar ijtimoiy tarmoqlarda ularni kechirmaslikni, yurtga qaytarmaslikni targʻib qilmoqda. Alloh kechirguchidir. Agar har bitta xatomiz uchun jazoga mahkum boʻlaversak, yashashga imkon qolarmidi? Shuningdek, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ularni Vatanga qaytarish oson boʻlmaganini taʼkidladi. Shunday ekan, oʻzgalar xatosini yuziga solishdan avval oʻz xatomizni taftish qilishni oʻrganaylik.

Har bir xatoning oʻz sababi bor. Biz farzandlarimizga, nevaralarimizga shularni uqtirsak, ularni xato qilmaslikka chaqirsak, maqsadga muvofiq boʻlardi. Toki, bir jinoyat boshqasiga yoʻl ochmasin.

Sayyora ABDURAIMOVA.

Jizzax viloyati

Zafarobod tumani


Manba: “Nuroniy” газетаси