AJDODLARNI XOTIRLASH – MUQADDAS QADRIYAT

2019-11-10 08:20:29 200

Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan ota-bobolarimizning yorqin xotirasini yod etish, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirish, shuningdek, bugungi tinch-osoyishta hayotimiz, dorilamon va farovon kunlarimiz, osuda turmushimiz uchun janggohlarda qon kechgan faxriylarga izzat-ikrom, hurmat-ehtirom koʻrsatish barchamizning insoniy burchimizdir.

Binobarin, Ikkinchi jahon urushida hamda mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yorqin xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortida ogʻir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli sinovlarda oʻzligini yoʻqotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga mehr-oqibat koʻrsatish bugun tom maʼnodagi milliy anʼanamiz va ulugʻ qadriyatimizga aylandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 23 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan yurtimizning barcha hududlarida bu yilgi bayramni munosib nishonlash chora-tadbirlari boshlab yuborildi.

Bu yilgi bayram tadbirlari “Ajdodlarni xotirlash – muqaddas qadriyat”, “Eʼtibor va gʻamxoʻrlik – insoniy burch” shiorlari ostida nishonlanayotgani alohida ahamiyatga molik.

Ayni kunlarda Ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisiga, front orti mehnat faxriylariga, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining oila aʼzolariga moddiy-maʼnaviy yordam koʻrsatish maqsadida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ularning xonadonlariga borib, holidan xabar olishmoqda, koʻngil soʻrashmoqda. Oʻz navbatida, yolgʻiz va kam taʼminlangan urush qatnashchilarining turar joyi va uy xoʻjaliklarini taʼmirlash, obodonlashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu savobli ezgu amallarda xalq vakillari boʻlgan deputatlar ham faollik koʻrsatmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Eldor Tulyakov ham Chirchiq shahri va Qibray tumanida istiqomat qiluvchi urush faxriylari xonadonlarida boʻlib, ularning turmush sharoiti, salomatligidan xabar oldi.

Yuzma-yuz diydorlashuvlar chogʻida Prezidentimiz tomonidan urush qatnashchilari va mehnat faxriylari, umuman, keksa avlod vakillariga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik, har yilgi ragʻbatlantirishlar, doimiy gʻamxoʻrlik, berilayotgan moddiy-maʼnaviy yordamlar, bepul tibbiy xizmatlar, bularning barchasi faxriylar hamisha davlatimiz va xalqimiz ardogʻida ekanining amaldagi isboti ekani qayd etildi.

Urush faxriylari oʻzlariga Prezidentimiz, xalqimiz tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor va eʼtirof uchun minnatdorlik bildirib, el-yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, dasturxonlarimiz toʻkin, hayotimiz farovon, davlatimiz boy boʻlsin, deya duo qildilar.





Manba: uza.uz