MURUVVAT TADBIRLARIDA IMOMLAR IBRAT KOʻRSATMOQDA

2019-10-16 01:08:18 186

Mamlakatimizda muborak Ramazon oyi davom etmoqda. Ruhiy va maʼnaviy poklanish, mehr-muruvvat oyi boʻlmish shu kunlarda xalqimiz saxovat ishlarini yanada kengaytirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.

– Ramazon – tinchlik elchisi, goʻzal axloq va kishilar bir-biriga mehr-muruvvat koʻrsatadigan, ezgu amallar bajariladigan oy, – deydi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyatidagi vakili Zayniddin Eshonqulov. – Muborak oyni munosib oʻtkazish boʻyicha Prezident qarorida ham muruvvat, ahillik va hamjihatlikni ulugʻlovchi ushbu fazilatli oyda ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratish belgilangan. Shundan kelib chiqib, “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali, imom-xatiblar va saxovatpesha insonlar hamkorligida oy davomida bajariladigan xayrli ishlar rejasi ishlab chiqildi. Shu asosda ayni paytda joylarda maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib, koʻngli yarim, ehtiyojmand kishilarga yordam berish, ehson qilishning savobli amal ekani haqida keng tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Viloyatdagi taroveh namozi oʻqilayotgan 285 ta masjidda ham kundalik suhbatlarda bu jihatlar alohida eʼtiborga olinmoqda. Ayni paytda iftorlik marosimlariga ham koʻproq aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini taklif etish, bu tadbirlarni kamxarj, ixcham oʻtkazishni targʻib qilayapmiz. Bu ezgu ishlarda, avvalo, imom-xatiblar shaxsiy namuna koʻrsatib, bosh boʻlmoqda. Ular mahalla faollari, tadbirkor va saxovatpesha insonlar bilan birga ehtiyojmand oilalar, keksalar va bemorlar holidan xabar olmoqda.

Samarqand shahar “Xoʻja Abdu Darun” jome masjidi jamoasi va saxovatli kishilar ushbu qutlugʻ kunlarda shahardagi 1-Mehribonlik uyiga borib, tarbiyalanuvchilardan hol soʻradi. Ularni Ramazon bilan qutlab, bu oyning shukuhi va fazilati haqida soʻzlab berdi. Muassasa tarbiyalanuvchilariga oziq-ovqat mahsulotlari, 200 dan ziyod badiiy va ilmiy kitoblar tuhfa qilindi.

– Yetimlarga yaxshi qarash har bir jamiyatdagi ijtimoiy tenglikning muhim omillaridan biri, – deydi “Xoʻja Abdu Darun” jome masjidi imom xatibi Z.Mahmudov. – Ularga taom, kiyim-kechak, taʼlim-tarbiya berish oʻziga toʻqlarning zimmasidagi burchdir. Shuning uchun ham islomda bu masalaga alohida eʼtibor berilgan. Qurʼoni karimda yetimning haqiga xiyonat qilmaslik, unga muruvvatli boʻlish haqida bir qancha oyatlar bor. Ushbu muborak kunlarda xalqimiz buning ahamiyatini teran anglab yetsa nafaqat savob amallar koʻpayadi, balki jamiyat uchun ham nihoyatda foydali ish boʻladi.

Muruvvat ishlari bilan birga viloyatdagi muqaddas ziyoratgohlar, qabristonlarda mahalla ahli tomonidan obodonlashtirish yumushlari bajarilmoqda.



Manba: uza.uz