SHAYX MUHAMMAD SODIQ MUHAMMAD YUSUF ASARLARI KOʻPLAB TILLARDA TARJIMA QILINGAN

2019-05-22 21:56:35 13

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishuv chogʻida yoshlar taʼlim-tarbiyasi, maʼnaviyat va maʼrifat masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Xususan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ilmiy merosini oʻrganish, kitoblarni chop etish boʻyicha tavsiyalar berildi.

Bu bejiz emas. Shayx hazratlari nafaqat diniy, balki maʼrifiy, tarixiy, axloqiy, ijtimoiy mavzularda 100 dan ziyod kitoblar yozgan. Uning hikmatli asarlari, suhbatlari, televideniye va matbuotdagi chiqishlari yurtimizdagi har bir xonadonga kirib borgan. 

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlari rus tiliga ham tarjima qilinib, chop etilgan.“Тафсир Хилал” (Қуръон каримнинг шарҳи), “Хадисы и Жизнь”, “Ийман, Ислам, Куръан”, “Суннитские вероубеждения”, “Разногласия: причины и решения”, “Васатыя – путь жизни”, “Счастливая семья”, “Открытое послание”, “Истина о сути гадания”, “Заем и связанные с ним вопросы” kabi kitoblar shular jumlasidandir.

Shuningdek, olimning asarlari ingliz, qozoq, qirgʻiz, qoraqalpoq va boshqa tillarga tarjima qilingan. Yaqinda turk tiliga ham tarjima qilinib, nashrga tayyorlandi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblari keng ilmiy asosga ega boʻlib, qoʻshni mamlakatlar, Rossiya va Yevropada ham oʻrganilmoqda.

Alloma juda qiyin va murakkab davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy boʻlib, diniy qadriyat va anʼanalar qayta tiklanishiga katta hissa qoʻshgan. Islom olamida maʼlum va mashhur boʻlgan “Adabul mufrad”, “Muxtasarul Viqoya”, “Mazhablar – birlik ramzi”, “Mazhabsizlik – islom shariatiga tahdid soluvchi eng xatarli bidʼat” kabi kitoblarni oʻzbek tilida sharhlab, xalqimizga dinimizning asl arkonlarini yetkazgan.

Muftiy vazifasida u kishi xalqaro miqyosda ham keng faoliyat yuritib, koʻplab islom mamlakatlari bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishga erishgan.

Oʻsha davrda butun sobiq Ittifoq boʻyicha har yili bor-yoʻgʻi 20-30 kishi hajga borar edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning saʼy-harakatlari natijasida shoʻro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati oʻzgarib, masjid va madrasalar ochilgan, haj ziyoratiga boruvchilar koʻpaygan. 1990 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 500 nafar musulmon ilk bor Toshkent shahri orqali haj ziyoratiga borishga muvaffaq boʻldi.

U kishining dunyo musulmonlari oʻrtasidagi obroʻ-eʼtibori juda baland edi. Bu ulugʻ vatandoshimiz Butundunyo mutafakkir ulamolari uyushmasining Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Butunjahon musulmon ulamolari xalqaro uyushmasi, Butundunyo Islom uyushmasi kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning, Iordaniya qirollik akademiyasining ham aʼzosi edi. U kishi Misr Arab Respublikasining “Nil lavri” oltin nishoni, shuningdek, Rossiya, Liviya va boshqa davlatlarning koʻplab yuksak mukofotlariga sazovor boʻlgandi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan islom dinining asl mohiyatini targʻib etish, yosh avlodni milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalashga qaratilgan ezgu ishlar amalga oshirilmoqda. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning turli tillarda chop qilingan asarlari yosh avlod uchun ulkan tarbiya va ibrat manbai boʻlib xizmat qiladi. 



Manba: uza.uz