KEKSA AVLOD VAKILLARI DOIMIY EʼTIBORDA

2019-05-22 15:17:06 9

Qashqadaryoda faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi vasiylik kengashi qarori bilan iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda uzoq yillar halol va samarali mehnat qilgan pensiya yoshidagi fuqarolar, shuningdek, mustahkam oila, el-yurtga munosib farzandlar tarbiyalab bergan onalardan bir guruhiga I, II va III darajali “Mehnat faxriysi” koʻkrak nishoni topshirildi.

Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Roʻziyev, “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi raisi Ya.Inoyatov mazkur nishon va bir martalik pul mukofotini oʻz egalariga topshirar ekan, keksa avlod vakillari hukumatimizning doimiy eʼtibori va gʻamxoʻrligidan bahramandligi, ularning sogʻligini tiklashi va dam olishi uchun joylarda sihatgohlarga imtiyozli yoʻllanmalar berilayotgani, har jihatdan qoʻllab-quvvatlanayotgani taʼkidlandi.


– Hayotini el-yurt xizmatiga bagʻishlagan, halol mehnati bilan jamiyatimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshgan kishilar hamisha hurmat-ehtiromga sazovor, qashqadaryolik 61 nafar ana shunday jonkuyar faxriylar bugun taqdirlanmoqda, – deydi “Nuroniy” jamgʻarmasi Qashqadaryo viloyati kengashi raisi Ya.Inoyatov. – Shu bilan birga, ular mehnatining eʼtirofi, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, milliy qadriyatlarimizga hurmat, kasbga sadoqat ruhida tarbiyalash, maʼnaviy islohotlar samaradorligida ham muhim ahamiyat kasb etadi.


“Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan shaxslar yashaydigan xonadonlar va uy-joylar eshiklarida “Bu yerda I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” nishoni bilan taqdirlangan fuqaro (F.I.O.) istiqomat qiladi” yozuvi boʻlgan belgisi oʻrnatilishi ham belgilangan.


Manba: uza.uz