“VAQF“ FONDI SHU KUNGA QADAR QANCHA ZAKOT PULLARINI TARQATDI?

2019-08-21 14:30:48 62

Muborak Ramazon oyida koʻproq savob ishlar qilish, ayniqsa, kasb-hunar va tijoratdan keladigan mablagʻlardan boʻlgan zakotni ado etish koʻp fazilatli ishdir.

Alloh taboraka va taolo Qurʼoni karimda bu haqda shunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Oʻz qoʻl mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! Oʻzingiz faqat koʻzingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh gʻaniy va maqtovga loyiq zotdir“.

Zakot dinimizning besh arkonlaridan biri boʻlib, Alloh taolo farz qilgan amaldir. Uning joriy etish hikmati shundan iboratki, u tufayli jamiyatda bir qadar tenglik paydo boʻlib, boy va faqir tabaqalar oʻrtasida iliq munosabatlarni vujudga keltirish, qolaversa, zakot beruvchining molini poklab, uni talofatdan asrash va yana ham koʻpayishiga zamin tayyorlashdir.


“Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (gʻayridin)lar, (pul toʻlab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yoʻlida hamda yoʻlovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”. Ushbu oʻrinda Alloh azza va jalla zakotga haqdor kishilarni ham belgilab bergan.

“Vaqf“ xayriya jamoat fondi tomonidan Respublika boʻylab koʻplab hududlarda yirik xayriya tadbirlari tashkil etilmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida nogironligi boʻlgan, moddiy jihatdan qiyinchiliklarga duch kelgan insonlarga koʻmak koʻrsatilmoqda. Bu esa Fondimizga ishonib oʻzlarining xayriya va zakot mablagʻlarini oʻtkazayotgan saxovatpesha insonlarning koʻmagida amalga oshirilmoqda.

Fondga 2018 yil iyun oyidan 2019 yil 1 may sanasiga qadar jami 2 milliard 154 million soʻm zakot mablagʻlari kelib tushgan boʻlib, shu kunga qadar ushbu mablagʻlarning 1,8 milliard soʻmi 1202 nafar muhtoj insonlarga tarqatilgan. Tarqatilgan mablagʻlarni hisobga olganda har bir koʻmakka muhtoj insonga oʻrtacha 1,5 million soʻmdan zakot mablagʻi tarqatilgan.


Bunda imkon qadar murojaatnomalar xolis shaxslar yordamida oʻrganilib, qanchalik muhtojligidan kelib chiqib mablagʻlar ajratildi. Ayrim murojaatchilar shariatda belgilangan talablarga javob bermagani uchun zakot mablagʻlarini berish rad qilindi. 

Yuqoridagi hisob-kitoblardan koʻrinib turibdiki, saxovatpesha insonlar tomonidan Fond zakot hisob raqamiga oʻtkazilgan zakot pullari oʻz haqdorlariga topshirilmoqda.

“Vaqf“ xayriya jamoat fondi yurtimiz moʻmin-musulmonlarini muqaddas Ramazon oyida ehsonlarni koʻproq qilishga va ulkan ajrlarga ega boʻlishga chaqiradi. Zakot berishni maqsad qilgan boʻlsangiz va haqdor insonlarni topa olmayotgan boʻlsangiz, “Vaqf“ fondi sizga Alloh yoʻlida koʻmak koʻrsatadi.


Manba: uza.uz