URUSH FAXRIYLARIGA “DAMAS” BERILDI

2019-05-22 23:40:43 10

Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani “Boʻston” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi urush faxriysi Mamedjuma Navroʻzovni keyingi bir haftada ikki bor tabriklashdi.

Prezidentimizning shu yil 23 apreldagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyat hokimi Oʻ.Barnoyev davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamrohligida uning xonadoniga tashrif buyurdi.

Mamedjuma otaga Prezidentimizning fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 74 yilligi hamda Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yoʻllagan tabriknomasi oʻqib eshittirildi, 7,5 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyatlarining toʻyonasi ham topshirilgan edi.

Oʻshanda viloyat rahbari otaxondan hol-ahvol soʻrash asnosida, xonadon muammolari bilan ham qiziqdi. Shunda Mamedjuma bobo “Damas” yengil mashinasiga ehtiyoj borligi, ammo oiladagilarning qoʻli kaltalik qilayotganini maʼlum qilgan edi. Oradan uch kun oʻtmay otaxonga Prezident sovgʻasi sifatida u istagan yengil mashina yetkazib berildi. Shu bois, Navroʻzovlar xonadoni ikkinchi bor uni qutlagani kelgan mahalladoshu yaqinlari bilan gavjum boʻldi.

– Ochigʻi, murojaatim nisbatan qisqa muddatda koʻrib chiqilishini kutmagan edim, – deydi Mamedjuma bobo. – Juda xursand boʻldim. Prezidentimizga eʼtiborlari uchun katta rahmat. Shunday xalqparvar yurtda yashayotganimga shukr qilaman. Ilohim, Oʻzbekistonimizga koʻz tegmasin va farovonligi ziyod boʻlsin!

Ana shunday shukrona dil soʻzlari Buxoro shahrida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ahmad bobo Gʻulomov xonadonida ham yangradi. Koʻrsatilgan ehtiromu eʼtibordan otaxonning quvonchi ichiga sigʻmaydi. Axir, unga ham Prezident sovgʻasi sifatida “Damas” yengil mashinasi topshirildi.

Bugungi kunda Buxoro viloyatida 49 nafar urush faxriysi istiqomat qiladi. Ularning kenjasi 94 yoshda. Keksalik, qolaversa, frontda tortgan azob-uqubatlar, jarohatlar asorati bu insonlarga oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda. Salomatliklarida muammolar bor. Lekin shunga qaramay, otaxonu onaxonlarning ruhiyati tetik. Boisi, ular nafaqat farzandu nevaralari ardogʻida, balki davlat va jamoatchilik eʼtiborida. Mahalliy hokimliklar urush qatnashchilariga amaliy yordam koʻrsatmoqda.

– Uyimning tom qismi taʼmirtalab boʻlib qolgan edi, – deydi yuz yoshdan oshgan urush faxriysi Ubayd ota Zubaydov. – Xotira va qadrlash kuni arafasida Buxoro shahri hokimligi tomonidan yuborilgan quruvchi ustalar kelib, holatni oʻrgandi va uch kun deganda, davlat hisobidan tom qismiga qoplama yotqizib, koʻrkam qilindi.

Shuningdek, Kogon tumani hududida istiqomat qiluvchi urush faxriylari Toʻraqul ota Joʻrayev va Baqo bobo Fayziyevlarning ham koʻngillari ezgulikdan nurafshon. Tuman hokimligi saʼy-harakati bilan ularning uylari taʼmirlandi, har bir xonadonga zamonaviy hammom ham qurib berildi.

“Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimidan maʼlum qilishlaricha, shifokorlar Ikkinchi jahon urushi faxriylari holidan doimiy xabardor. Bundan tashqari, ularga patronaj berkitilgan. Shu bilan birga urush qatnashchilari har oy 15 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanmoqda.


Manba: uza.uz