YERDA YIRIK MAGNIT BOʻRONI KUZATILDI

2019-08-22 17:44:21 93

Yer sayyorasida bir yarim-ikki yil ichidagi eng yirik magnit boʻroni kuzatildi.

Bu haqda RIA Novostiga Fizika instituti Quyoshning rentgen astronomiya laboratoriyasi bosh ilmiy xodimi Sergey Bogachyov maʼlum qildi.

Olimning maʼlum qilishicha, bu Quyoshning faolligi bilan bogʻliq. “Hodisa tufayli qutbiy yogʻdu, radio aloqa ishida uzilishlar boʻlishi kuzatiladi”, deya qoʻshimcha qildi u.

Shuningdek, mutaxassis bundan ham jiddiyroq magnit boʻronlari boʻlishlarini qayd etdi.

“Bu uchinchi darajadagi boʻron, jami besh shkalali boʻron mavjud. Besh balli boʻronlar kamdan-kam uchraydi, oʻn-yigirma yilda bir marta ”, deya agentlikka maʼlum qildi olim.

Quyosh faolligi seshanba, 14 may kuni Moskva vaqti bilan tonggi soat oltilar atrofida boshlangan va kechga qadar davom etgan. Yer sayyorasining magnit boʻroni yarim tunda oʻz holiga qaytishi kutildi.

Magnit boʻronlari har bir odamga har xil taʼsir koʻrsatadi. Kimnidir migren bezovta qilsa, kimningdir qon bosimi koʻtariladi, surunkali kasalliklar qaytadan bosh koʻtarishi mumkin. Boʻronlar taʼsirida surunkali xastalikka chalinganlar, oʻta sezuvchan asab tizimiga ega fuqarolar salomatligida ham salbiy oʻzgarishlar kuzatilishi mumkin. Shuning uchun bunday kishilarga oʻzlarini juda ehtiyot qilishlari tavsiya etiladi.

Magnit boʻronlari kompas magnit milining surilishini qoʻzgʻatuvchi Yer magnit maydonining keskin oʻzgarishi. Magnit boʻronlari bir vaqtda Yer yuzining katta hududlarida, baʼzan butun Yer yuzida kuzatiladi. U, odatda, qutbiy yogʻdu, momaqaldiroq, zilzila paytida sodir boʻladi va har 11 yilda kuzatiladigan Quyosh faolligining kuchayishi davrida tez-tez takrorlanib kuchli oʻtadi.


Manba: sputniknews