Pochta operatorlari uchun terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha ichki nazorat qoidalari tasdiqlandi

2018-10-15 07:28:33 18

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qarori bilan pochta aloqasi operatorlari, provayderlari uchun jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo'yicha ichki nazorat qoidalari tasdiqlandi.

Qoidalarga ko'ra, quyidagilar ichki nazorat tizimining maqsadi hisoblanadi:

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish hamda ommaviy qirg'in qurolini tarqatishga qaratilgan pul o'tkazmalari bilan bog'liq operatsiyalarni samarali aniqlash va oldini olish;

pochta aloqasi operatorlari, provayderlarining jinoiy faoliyatga qasddan yoki qasddan bo'lmagan holda jalb etilishiga yo'l qo'ymaslik;

tavakkalchiliklarni aniqlash, baholash, hujjatlarda qayd qilish va kamaytirish;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun hujjatlari talablariga qat`iy rioya etilishini ta`minlash.

Quyidagilar pochta aloqasi sohasidagi ichki nazorat tizimining asosiy vazifalari hisoblanadi:

o'z tavakkalchiliklarini aniqlash va baholash, hujjatlashtirish va kamaytirishga doir tegishli choralarni ko'rish;

foydalanuvchilarni lozim darajada tekshirish bo'yicha chora-tadbirlarini va identifikatsiyalash jarayonlarini amalga oshirish, shu jumladan foydalanuvchilar va ularning benefitsiar mulkdorlari haqidagi ma`lumotlarni muntazam yangilash va verifikatsiyalash;

benefitsiar mulkdorlarni identifikatsiyalash, ularning shaxsini o'rganish bo'yicha imkon qadar choralar ko'rish;

yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni chuqur monitoring qilish;

mazkur Qoidalar va ichki qoidalarda belgilangan tartibda shubhali operatsiyalarni aniqlash;

ichki nazoratni amalga oshirish davomida aniqlangan shubhali operatsiyalar to'g'risidagi axborotni (hujjatlarni) maxsus vakolatli davlat organiga o'z vaqtida taqdim etish;

Ro'yxat bilan solishtirish orqali operatsiya ishtirokchilari orasida terrorchilik faoliyatida yoki ommaviy qirg'in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash;

Ro'yxatga kiritilgan shaxslarning operatsiyasini kechiktirmasdan va oldindan xabar qilmasdan to'xtatib turish (bundan pul mablag'larini kirim qilish va ularni o'tkazma hisobga o'tkazish bo'yicha operatsiyalari mustasno) va (yoki) pul mablag'larini ishga solmay to'xtatib qo'yish;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bog'liq ma`lumotlarning maxfiyligini ta`minlash;

operatsiyalar to'g'risidagi axborotni, shuningdek identifikatsiyalash ma`lumotlarini va foydalanuvchilarni lozim darajada tekshirishga doir materiallarning qonun hujjatlarida belgilangan muddatlar davomida saqlanishini ta`minlash;

shubhali operatsiyalarni amalga oshirish yoki amalga oshirishga bo'lgan urinishlar, shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan foydalanuvchilar bilan aloqador bo'lgan shaxslar (rahbarlar, ta`sischilar) to'g'risidagi ma`lumotlar bazasini shakllantirish, shuningdek bunday ma`lumotlarni boshqa davlat organlari bilan qonun hujjatlariga muvofiq o'zaro almashib borish;

so'rovlar bo'yicha mijozlar bazasidan Ro'yxat bilan solishtirish orqali terrorchilik faoliyatini yoki ommaviy qirg'in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga aloqador shaxslarni aniqlash;

chet eldagi pochta operator, provayderlar bilan pul o'tkazmalarini almashib borishga aloqalarni o'rnatishda ularning ichki nazorat tizimini o'rganish.

Pochta aloqasi operatorlari, provayderlari tomonidan ichki nazorat tizimi ularning ish jihatlari, foydalanuvchilar va ularning operatsiyalari bilan bog'liq tavakkalchilik darajasini hisobga olgan holda tashkil etiladi.

Pochta aloqasi operatorlari, provayderlari ichki nazorat tizimining tegishli tuzilmasini tashkil etishi kerak.

Ichki nazorat tizimining tuzilmasi pochta aloqasi operatori, provayderi rahbarining buyrug'i bilan belgilanadi va aniqlangan tavakkalchiliklar hamda ularning baholanishini hisobga olib qayta ko'rib chiqilishi lozim.

Ichki nazorat tizimi operator, provayderlarning tegishli bo'linmalari yoki mas`ul xodimlari, shuningdek pochta aloqasi xodimlaridan iborat.

Ichki nazorat tizimining tuzilmasi pochta aloqasi operatori, provayderi rahbarining buyrug'i bilan rahbarlik lavozimini egallab turgan xodimlar orasidan tayinlanadigan tegishli rahbar tomonidan boshqariladi.

Pochta aloqasi operatorlari, provayderlari foydalanuvchilarni lozim darajada tekshirish choralarini ko'rishlari kerak.

Lozim darajada tekshirish choralari barcha yangi foydalanuvchilar hamda tavakkalchilik darajasidan kelib chiqib bor foydalanuvchilarga nisbatan ko'riladi.

Lozim darajada tekshirish quyidagi hollarda amalga oshirilishi kerak:

foydalanuvchilar bilan amaliy ish munosabatlari o'rnatilganda;

pul o'tkazmalarini jo'natish va yetkazib berish (topshirish) xizmatlarini ko'rsatishda;

o'tkaziladigan operatsiyalarning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish maqsadlariga daxldorligiga nisbatan har qanday shubhalar mavjud bo'lganda;

foydalanuvchi to'g'risida avval olingan ma`lumotlarning ishonchliligiga (haqiqiyligiga) gumonlar mavjud bo'lganda.

Foydalanuvchini lozim darajada tekshirish bo'yicha chora-tadbirlar quyidagilarni o'z ichiga olishi shart:

tegishli hujjatlar asosida foydalanuvchining va u qaysi shaxslar nomidan ish ko'rayotgan bo'lsa, o'sha shaxslarning shaxsini hamda vakolatlarini tekshirish;

foydalanuvchining benefitsiar mulkdorini identifikatsiyalash;

foydalanuvchi tomonidan amalga oshiriladigan amaliy ish munosabatlari

va operatsiyalarni ularning bunday foydalanuvchi va uning faoliyati to'g'risidagi ma`lumotlarga muvofiqligini tekshirish maqsadida doimiy asosda o'rganish o'tkazish.

Foydalanuvchini lozim darajada tekshirish bo'yicha kuchaytirilgan chora-tadbirlar quyidagilardan iborat:

foydalanuvchi haqida ochiq manbalar va ma`lumotlar bazalaridan qo'shimcha tasdiqlangan ma`lumotlarni to'plash va qayd etish;

foydalanuvchidan u tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalar bo'yicha pul mablag'lari manbalari haqidagi ma`lumotlarni olish;

ushbu foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalar ustidan doimiy monitoring yuritish.

Foydalanuvchining operatsiyalarni amalga oshirish to'g'risidagi topshirig'i bilan bir vaqtda yoki ko'p marotaba murojaat qilishida pochta aloqasi operatorlari, provayderlari quyidagilarni bajarishga majbur:

ushbu Qoidalar yoki boshqa qonun hujjatlarining talablariga muvofiq operatsiya bo'yicha foydalanuvchini yoki naf oluvchini identifikatsiyalash;

avvalgi hisobot davri (oy, yilning choragi, yarim yillik, yil) davomida ushbu foydalanuvchining ilgari o'tkazgan operatsiyalarini o'rganish, agar ixtiyorida bunday operatsiyalar to'g'risida ma`lumotlar bo'lsa;

operatsiyaning turini va uning foydalanuvchi — yuridik shaxsning ta`sis hujjatlarida belgilangan faoliyati maqsadi va turlariga muvofiqlik darajasini aniqlash;

operatsiya turini hamda uning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan foydalanuvchi — jismoniy shaxsning davlat ro'yxatidan o'tganlik to'g'risidagi guvohnomasida ko'rsatilgan faoliyat turiga muvofiqlik darajasini aniqlash;

aniq iqtisodiy mohiyatga ega bo'lmagan, foydalanuvchining lozim darajada tekshirish materiallariga ilova qilinadigan foydalanuvchining ta`sis hujjatlarida yoki davlat ro'yxatidan o'tganligi to'g'risidagi guvohnomada ko'zda tutilgan uning faoliyati maqsadlariga va turlariga mos kelmaydigan barcha operatsiyalar bo'yicha lozim darajada tekshirish natijalari va xulosalarini yozma qayd qilish;

pul o'tkazmalarini jo'natish operatsiyalarini foydalanuvchilar lozim darajada tekshirilganidan keyin amalga oshirish;

foydalanuvchilardan amaliy ish munosabatlarining maqsadi va ko'zda tutilgan tavsifi to'g'risidagi ma`lumotlarni.

Pochta aloqasi operatorlari, provayderlari quyidagi hollarda xalqaro pul o'tkazmalari bilan bog'liq operatsiyalarga alohida e`tibor qaratishlari va tahlil qilishlari kerak:

xorijiy davlatlarning operatorlari, provayderlari bilan shartnomalar tuzishda xalqaro pul o'tkazmalari bo'yicha sherikning ishga oid faoliyatining xususiyati to'g'risida to'liq tasavvurga ega bo'lish uchun bunday sherik to'g'risida to'liq axborot to'plashi;

jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro hamkorlikda ishtirok etmaydigan davlatlarning hududida joylashgan xorijiy davlatlarning operatorlari, provayderlari bilan shartnomalar tuzishda ular bilan amalga oshiriladigan barcha operatsiyalarga alohida e`tibor qaratishi;

oshkora axborot asosida pochta aloqasi operatori, provayderining obro'sini, shu jumladan bu operator, provayderga nisbatan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish bilan bog'liq qoida buzilishlari yuzasidan tekshiruvlar o'tkazilganligini aniqlashi;

pul o'tkazmasi to'g'risidagi butun axborotni saqlashi;

jo'natilayotgan pul o'tkazmalariga jo'natuvchi to'g'risidagi aniq ma`lumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi (agar mavjud bo'lsa), shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uning o'rnini bosadigan hujjat) seriyasi va raqami, operatsiyaning xos raqami, oluvchi to'g'risidagi aniq ma`lumotlar (familiyasi, ismi otasining ismi (agar mavjud bo'lsa) va uning pasport ma`lumotlari, operatsiyaning xos raqami ilova qilinishini ta`minlashi.

Jo'natuvchilar to'g'risida to'liq ma`lumotlar bo'lmagan taqdirda operatorlar, provayderlar xorijiy davlatlarning operatorlari, provayderlari bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq ulardan uch ish kuni davomida pul mablag'larini jo'natuvchilar to'g'risida qo'shimcha axborot olish imkoniyatiga ega bo'lishlari kerak. Bunday imkoniyat bo'lmagan holda operator, provayder bilan shartnomani bekor qilish masalasini ko'rib chiqish zarur.

Pochta aloqasi operatorlari, provayderlari quyidagi hollarda foydalanuvchiga operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishi lozim:

foydalanuvchini lozim darajada tekshirish choralarini ko'llash imkoni bo'lmaganda;

identifikatsiyalashni tugatish imkoni bo'lmagan yoki lozim darajada tekshirish natijalari bo'yicha u bilan ishga oid munosabatlarni o'rnatish maqsadga muvofiq emasligini ko'rsatuvchi ma`lumotlar olingan holda;

yuridik shaxsning boshqaruv organi yoki yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz faoliyat ko'rsatish huquqiga ega bo'lgan shaxs o'zining joylashgan joyi (pochta manzili) bo'yicha mavjud bo'lmaganida;

atayin noto'g'ri bo'lgan hujjatlar taqdim etilganda yoki qonun hujjatlariga muvofiq so'raladigan hujjatlar taqdim etilmaganda;

qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Bunday hollarda pochta aloqasi operatorlari, provayderlari maxsus vakolatli davlat organiga xabar yuborishlari kerak.

Barcha murakkab, g'ayrioddiy yirik operatsiyalar, aniq yoki oshkora iqtisodiy yoki qonuniy maqsadga ega bo'lmagan boshqa shubhali operatsiyalar bo'yicha lozim darajada tekshirish natijasida olingan ma`lumotlar qog'ozda qayd qilinadi yoki foydalanuvchilarni identifikatsiyalashni amalga oshiruvchi shaxslarga foydalanuvchi to'g'risidagi axborotni tekshirish uchun doimiy rejimda tezkor foydalana olish imkonini beradigan elektron ma`lumotlar bazasiga kiritiladi.

Tavakkalchilik darajasi mijozning faoliyati va amalga oshiradigan operatsiyalari turlarini inobatga olgan holda foydalanuvchi taqdim qilgan ma`lumotlar, mazkur Qoidalarda belgilangan mezonlar va mijozni lozim darajada tekshirish natijalari asosida mas`ul xodim tomonidan aniqlanadi va baholanadi.

Yuqori darajadagi tavakkalchilik toifasiga oldindan quyidagi mezonlarga to'g'ri keladigan foydalanuvchilar kiritilishi kerak:

a) Ro'yxatga kiritilgan shaxslar yoxud Ro'yxatga kiritilgan shaxsning egaligi yoki nazoratidagi shaxslar yoxud Ro'yxatga kiritilgan tashkilotning bevosita yoki bilvosita mulkdori bo'lgan yoki uni nazorat qiluvchi shaxslar;

b) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda yoxud offshor hududda doimiy yashayotgan, turgan yoki ro'yxatga olingan shaxslar;

v) chet el korxonalarining vakolatxonalari va O'zbekiston Respublikasining fuqarolari bo'lmagan jismoniy shaxslar;

g) offshor hududlarda hisobvaraqqa ega bo'lgan rezident va norezidentlar;

d) haqiqatda joylashgan joyi ta`sis hujjatlarida yoki ro'yxatdan o'tkazish guvohnomasida ko'rsatilgan ma`lumotlarga muvofiq bo'lmagan tashkilotlar va yakka tartibdagi tadbirkorlar;

ye) benefitsiar mulkdori mazkur bandning «a» va «b» kichik bandlarida ko'rsatilgan shaxs hisoblangan tashkilotlar;

j) muntazam ravishda (uch oy ichida ketma-ket) shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan foydalanuvchilar;

z) yuqori mansabdor shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari;

i) jo'natuvchi to'g'risidagi ma`lumotlari (jismoniy shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxslarning nomi, jo'natuvchining joylashgan yeri (pochta manzili) va hisob raqami) to'liq hajmda taqdim etilmagan pul mablag'larini o'tkazish bilan bog'liq bo'lgan operatsiyalar;

k) ichki qoidalarda belgilanadigan boshqa operatsiyalar.

Manba: uza.uz