SAVOL-JAVOBLAR

Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga asosan kamida yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar. Mehnat daftarchasidagi yozuvlar bo‘yicha fuqaro ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lgan vaqti, mehnatga layoqatsizlik ta’tilida bo‘lgan vaqti, tug‘ruqgacha va tug‘ruqdan keyin ta’tilda bo‘lgan vaqti va bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan vaqtlari aks ettirilmaydi. YUqoridagilar ko‘rinib turibdiki, ushbu davrlar ayollarga 54 yoshdan pensiyaga chiqish huquqini beruvchi 20 yillik ish staji tarkibiga kiritilmaydi. Agar ayol yigirma yillik ish stajiga ega bo‘lmasa unga 54 yoshdan imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlanmaydi va u pensiya tayinlashni so‘rab 55 yoshda murojaat etishi mumkin. Misol uchun. Ayol kishi 54 yoshga to‘lib umumiy ish staji 21 yilni tashkil etdi va fuqaro pensiya tayinlash uchun Pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qildi. Ayolning 21 yillik ish staji tarkibiga: 4 yil oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davri; 2 yil bola parvarishlash davriga to‘g‘ri kelmoqda. Ammo ushbu 6 yillik davr 20 yillik ish staji talab qilingan davr tarkibiga kirmaydi va fuqaroning umumiy ish staji (21 yil – 6 yil = 15 yil) imtiyozli pensiya tayinlash uchun asos bo‘lmaydi. Biroq, ayol kishi 55 yoshga etib pensiya tayinlash uchun murojaat qilganda, fuqaro ish staji tarkibiga (4 yil) oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davri va (2 yil) bola parvarishlash davrlari kiritiladi va unga jami 21 yil ish staji bilan pensiya tayinlanadi.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 dekabrdagi 252-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat pensiyalarini tayinlash va to’lash tartibi to’g’risida”gi Nizomning 157 va 167-bandlariga muvofiq, ishlamaydigan pensionerlarga pensiya yashash joyi (doimiy ro’yxatdan o’tgan manzil) bo’yicha Pensiya jamg’armasi bo’limlari tomonidan Xalq banki filiallari yoki pensionerning hohishiga ko’ra pul mablag’larini fuqarolarning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz o’tkazish yo’li bilan tijorat bankining filiali orqali to’lanadi. Pensionerning doimiy propiskasi bo’lmasa va u faqat vaqtincha propiska qilingan bo’lsa (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo’yicha hisobga olinmagan bo’lsa), pensiya vaqtinchalik propiska (Toshkent shahrida va Toshkent viloyatida kelgan joyi bo’yicha hisobga olish)ning amal qiladigan muddati mobaynida to’lanadi. O’zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan xorijiy fuqaroga yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxsga pensiya istiqomat uchun berilgan guvohnomaning amal qilish muddati mobaynida to’lanadi.