MIYA QARIMASLIGI UCHUN 5 TAVSIYA

2019-06-26 05:29:16

Sergʻayrat, yangilik yaratuvchi va sogʻlom fikrlovchi boʻlib qolish uchun oʻz odatlaringizni oʻzgartiring.

Bir necha avlod ilgari odamlar 50 yil umr koʻrish haqida orzu ham qilishmagan. Yaxshiyamki, hozir aksariyat odamlar avvalgilarga nisbatan 20-40 yil uzoqroq hayot kechirishyapti. Biroq, yil oʻtgan sayin miya oʻz faoliyatini bajarishda qiyinchiliklarga duch keladi.

Oʻtirib ishlashga moslashgan hayot tarzi va zararli odatlar butun organizmga salbiy taʼsirini oʻtkazadi, xususan miyaga ham. Yosh qoʻshilgan sari Alsgeymer kasalligi kelib chiqishi v rivojlanishi xavfi ortadi.

Yuqori ahamiyatli organning erta qarishi oldini olish va teran aqlni saqlab qolish uchun bir necha muhim tavsiyalarga amal qilish zarur.

1. OVQATLANISH TARZINGIZNI OʻZGARTIRING

Sogʻlom ovqatlanish hayot tarzi nafaqat qomat va umumiy harakatlanishga, balki miya uchun ham foydali. Boshlanishiga odat tarzingizda kichik oʻzgarishlar qiling. Masalan, kechki qahva oʻrniga koʻk choy iching. Uning tarkibida kofeinlar nisbatan kam va miya hujayralarini zararlanishdan asrashga koʻmaklashuvchi antioksidantlar koʻproq. Dudlangan mahsulotlar isteʼmolini kamaytiring.

Toʻgʻri ovqatlanish kun davomida faqatgina koʻkat, salat va yormalar yeyish kerak degani emas. Olimlar aniqlashicha, tarkibi koʻp miqdorda sabzavot, meva, zaytun yogʻi, baliq va dengiz mahsulotlariga boyligi bilan ajralib turuvchi Oʻrta Yer dengizi diyetasi miya hujayralari yoʻqotilishini kamaytirish va idrok qobiliyatini saqlab qolish xususiyatiga ega.

2. KUNIGA KAMIDA 20 DAQIQA SPORT BILAN SHUGʻULLANING

Harakatli mashqlar miya salomatligini saqlab qolish uchun juda muhim. Aerobika qon aylanishini tezlashtiradi, xotirani yaxshilaydi va miyada yangi hujayralar oʻsishiga turtki boʻladi. Shu orqali qoʻshimcha neyroaloqalar vujudga keladi.

Sport, shuningdek, miyaga kichik dozadagi antidepressant kabi taʼsir oʻtkazishi mumkin. Jismoniy faoliyat stressdan chiqishga koʻmaklashadi. Aerobika yoki istagan sport mashgʻulotingiz bilan haftasiga kamida 1,5 soat, yaʼni kuniga 20 daqiqa mashgʻul boʻling. Bu salomatligingiz uchun ahamiyatli.

3. QULAY HUDUDINGIZDAN TEZ-TEZ UZOQLASHING

Bizning miyamiz turli xil boshqotirma va qiyinchiliklarni yechishga majburlab turilganda oʻz yoshligini saqlab qola oladi. Tez-tez takrorlanuvchi fikrlarga xilof ravishda, miya dasturlanmagan, u oʻzgara oladi. Agar odam istasa, eski odat oʻrniga yangisini almashtirishi orqali ham bunga erishishi mumkin. Miyaning bu oʻzgarishi hodisasi neyroplastiklik deb ataladi.

Chet tilini yoki yangi musiqa asbobini oʻrganish miyadagi plastiklik qobiliyatini saqlab qoladi, yangi neyroaloqalar vujudga keladi. Shuningdek, notanish soha egalari bilan muloqotda boʻlish ham yordam beradi, dunyoqarashni ham boyitadi.

4. YETARLICHA UXLANG

Uyqu davomida organizmning limfa tizimlari miyani neyrotoksinlardan, jumladan, Alsgeymer kasalligini qoʻzgʻatuvchi beta-amiloid va tau oqsillari, shuningdek, tanada yigʻilishi Parkinson sindromiga olib keluvchi alfa-sinukleinlardan tozalaydi.

Tozalash jarayoni bir muncha vaqt talab etadi. Aynan shuning uchun odam tanasi kuniga 7-9 soat uyquda boʻlishi kerak.

5. FAOL IJTIMOIY HAYOT TARZIDA YASHANG

Inson - ijtimoiylashgan mavjudot. Biroq yosh oʻtgan sari bizning muloqot davramiz qisqara boradi, odamlar bilan kamroq gaplashishga moslasha boramiz. Qarindoshlar va doʻstlar bilan aloqalarni saqlab qolish esa bizning kognitiv salomatligimiz uchun muhim. Boshqalar bilan muloqotga kam kirishuvchi oamlarning miya imkoniyatlari kirishimlilardagiga nisbatan 70 foiz kamayib ketar ekan.

Qiziqarli jihat shundaki, yolgʻiz yashovchi odamlar hushyorroq va notanishlardan koʻproq xavfsiraydigan boʻlib qolishadi. Buning sababi ulardagi muloqotdan uzoqlashgan miya begonalar bilan aloqaga kirishini nomaʼlum va tahlikali harakat sifatida qabul qiladi. Bu oʻziga xos himoya reksiyasidir.

Butun umr davomida sevimli odamlar bilan boʻlish, hobbi bilan shugʻullanish va yangi nimadir oʻrganishga koʻproq vaqt ajratish kerak. Shunda 100 yoshdan oʻtganda ham miya oʻzining yaxshi xotiralari va teran idroki bilan sizni zeriktirmaydi.