YURAKNING YASHIRIN DUSHMANI YOXUD REVMATIZMNING SHIFOSI BORMI?

2019-06-26 10:18:49

Inson organizmidagi biriktiruvchi toʻqimaga ega aʼzolar shikastlanishi oqibatida yuzaga keladigan revmatizm kasalligi uzoq tarixga ega. Mazkur xastalik nasl surish xususiyatiga ham ega.

KASALLIKNI SABABI NIMADA?

Yosh tanlamaydigan bu xastalikda yurak, qon-tomir va boʻgʻimlar zararlanadi. Bu esa, asosan, katta yoshdagi aholi orasida mehnatga qobiliyatsizlarning ortishiga sabab boʻladi. Bolalarda yurakning shikastlanishi bilan kechadigan kasalliklar orasida revmatizm yuqori oʻrinni egallashi, ayniqsa, achinarli holdir.

Hozirga qadar dunyo boʻyicha qator revmatik kasalliklarni keltirib chiqaruvchi sabablar nomaʼlum boʻlib qolmoqda. Bularga revmatoid artrit, tizimli qizil boʻricha, Bexterev kasalligini misol sifatida keltirish mumkin. Aksariyat revmatik kasalliklar ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlib, eng yomoni, ular erta nogironlikka olib keladi. Keyingi payt­larda olimlar zamonaviy davolash usullari orqali ushbu turdagi kasalliklarning tez rivojlanib ketishiga yoʻl qoʻymaslikka harakat qilmoqda. Bunda bemorlarning shifokorga erta murojaat qilishi birlamchi shartlardandir. Yurtimizda revmatik kasalliklarning paydo boʻlishiga sovuqda qolish, irsiy moyillik, ortiqcha vazn, notoʻgʻri ovqatlanish, poyabzalni notoʻgʻri tanlash kabi bir qancha sabablar borligi aniqlangan.

CHAQIRILMAGAN “MEHMON” BELGILARI

Ushbu xastalik bilan ogʻrigan bemorlar sonini aniq bilishning imkoni yoʻqligi, ayniqsa, tashvishlidir. Erkaklarga nisbatan ayollarda koʻp uchraydigan bu kasallik 3 yoshgacha boʻlgan bolalarda deyarli kuzatilmaydi. Turli maʼlumotlarga koʻra, surunkali tonzillit (angina) bilan xastalangan bemorlarning 30 foizida revmatizm kasalligi kelib chiqadi. Revmatizmga chalingan bemorlarning 60-100 foizida boʻgʻim ogʻriqlari tizza, boldir, tovon, tirsak va yelka boʻgʻimlarida koʻchib yuradi. Kasallikda eng koʻp zararlanadigan aʼzo bu 90-95 foizga qadar yurak hisob­lanadi. Bemorlarning baʼzilarida yurak urishining sekinlashishi yoki tezlashishi, koʻp terlash, hansirash, holsizlik kuzatiladi. Agar oʻz vaqtida muolaja qilinmasa, bu holat nogironlikka olib kelishi mumkin.

Inson yuzida turli ixtiyorsiz harakatlar paydo boʻlishi (koʻz uchishi, qovoqning ixtiyorsiz ravishda yumilib ochilishi), boʻgʻimlarda esa harakatning cheklanishi, ayrim hollarda boʻgʻimlarning qiyshayishi kabi holatlar ham revmatizm alomatlari boʻlib, bular ham oxir oqibatda nogironlikka olib keladi.

BOLALARNI EHTIYOT QILING!

Surunkali tonzillit, yaʼni tomoqning tez-tez ogʻrib, yalligʻlanishiga duchor boʻlgan bolalarda angina kasalligidan soʻng revmatizm bosh­lanishi mumkin. Kasallik bolalarda kattalarga nisbatan ancha oʻtkir va ogʻir shaklda kechib, qaytalanishlarga moyil boʻladi hamda, koʻpincha, yurakning keskin shikastlanishi koʻrinishida kechadi. Revmatizm bilan asosan maktab yoshidagi bolalar ogʻriydi. Bola yoshi qancha kichik boʻlsa, kasallik shuncha oʻtkir, ogʻir va tarqalgan shaklda uchraydi. Bunday bolalar yurak orttirilgan nuqsonlarining rivojlanishiga va bosh­­qa xastalik­larga moyil boʻladi. Yana shuni ham alohida taʼkidlash kerakki, bolalarda revmatizm yashirin, revmatik jarayonning rivojlanishi va qaytalama revmatizm­ning klinik sindromlari kechish davriga boʻlinadi.

Eslatib oʻtamiz, eng toʻgʻri tashxisni shifokor-terapevt yoki revmatolog aniqlay oladi. Kasallikka oʻz vaqtida tashxis qoʻyilsa va toʻgʻri davo choralari koʻrilsa, xastalik, albatta, chekinadi.

OLDINI OLGAN AFZAL

“Kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan maʼqul”, degan naql bejiz aytilmagan. Revmatizmni ham tabiiy usullar bilan davolash mumkin. Maʼdanli suvlar, shifobaxsh giyohlar, fizioterapevtik muolajalar bunga toʻliq imkon beradi. Kasallikning ogʻir (oʻtkir) bosqichida bemor kasalxonada davolanishi shart. Bunda shifokor nazorati alohida ahamiyatga ega. Lekin kasallik turli nuqsonlarni keltirib chiqarsa, unda bir umr shifokor nazoratida davo muolajalarini qabul qilishga toʻgʻri keladi.

Duo yaxshi, amal undan-da yaxshi. Odatda yoshi ulugʻlarimiz duo uchun qoʻl ochib, toʻrt muchamiz salomatligini tilashadi. Bu tilakning amalga oshishi esa oʻz qoʻlimizda. Binobarin, salomatligingizga eʼtibor – kelajagingizga eʼtibor ekanini aslo unutmang!

Mashhura Rizomuhammedova,

Toshkent tibbiyot akademiyasi negizidagi

Respublika revmatologiya markazi rahbari