Koreys tuzi – shifomi yo zarar?

2019-12-06 05:57:32


Ko'pchilik pazanda bekalar turli salat va gazaklar xushta'm bo'lishi uchun koreys tuzidan 

foydalanishadi. Koreys tuzi taomga o'zgacha maza kiritishi rost. Ammo bizga biroz notanish bu 

mahsulot, uning tarkibi va xususiyatlari haqida nimalarni bilamiz? Ayni savolga javob 

topishga harakat qildik.


Biz koreys tuzi, deb ataydigan rangsiz mayda kristallsimon kukun, aslida, xitoy oshxonasiga 

taalluqli. Xitoyliklar uni oddiy tuz bilan bir qatorda deyarli barcha toamlarga qo'shishadi. 

Xitoy taomlari aynan shu tuz tufayli o'tkir ta'm va hidga ega.


Tarkibi tuz emas?!


Umuman olganda, bu kukunni tuz deyish qiyin. Tarkibiga ko'ra, u glutomat natriy nomli 

aminokislotalar to'plamidan iborat. Ushbu modda ta'm va hidni o'tkirlashtirish xususiyatiga ega. 

Uning tabiiysi barcha meva- sabzavotlar, toza va sifatli go'sht, baliq mahsulotlarida 

uchraydi, ammo tez parchalanib ketadi. Xuddi shu modda tufayli yangi uzilgan meva-

sabzavotlarning mazasi va ifori o'zgacha bo'ladi.


Hozirgi kunda glutomat natriyni sun'iy yo'l bilan yetishtirish yo'lga qo'yilgan. Bunda 

shakarqamish yoki qand lavlagidan foydalaniladi. Va kukun holidagi glutomat natriyni biz 

koreys tuzi sifatida bilamiz.


Vazifasi nima?


Sun'iy yo'l bilan olingan glutomat natriy ta'mni o'tkirlashtirish va mahsulot tarkibini saqlay 

olish xususiyatlari bilan oziq-ovqat sanoatida allaqachon o'z o'rnini topgan. Undan 

mahsulotlarning salbiy xususiyatini berkitib, ta'mi va hidini o'tkirlashtirish, uzoq vaqt 

saqlashda foydalaniladi. Glutomat natriy ozuqaviy qo'shimcha va konservant hisoblanadi. Shu 

sabab dudlangan go'sht, kolbasa, sosiska va konserva mahsulotlari o'zining yoqimli ta'mi va 

hidini yo'qotmaydi. Glutomat natriy YE621 ko'rinishida raqamlangan bo'lib, mahsulot tarkibi 

ko'rsatilgan yorliqda ozuqaviy qo'shimcha sifatida ro'yxatga kiritiladi.


Organizmga ta'siri qanday?


Koreys tuzi tilning ta'm bilish retseptorlariga bevosita ta'sir ko'rsatib, ta'm farqlay olish 

xususiyatini oshiradi. Ammo muntazam qabul qilinganda o'rganib qolish holatini keltirib 

chiqarishi ham bor gap. Ya'ni, har safar organizm shu moddani yanada ko'proq talab qila 

boshlaydi. Fast-fud va yarimtayyor mahsulotlar kishini o'ziga tortishi bejiz emas. Uzoq vaqt 

davomida koreys tuzini iste'mol qilganlar uchun oddiy taomlar yoqimsiz va bemaza tuyila 

boshlashi ham shundan.


Bundan tashqari, koreys tuzi davomli ravishda iste'mol qilinganda asab tizimiga salbiy 

ta'sir ko'rsatishi, hazm organlarining shilliq qavatini yallig'lantirishi, oshqozon yarasiga sabab 

bo'lishi, gormonal o'zgarishlarga olib kelishi mumkin. Natijada ortiqcha vazn muammosi, ko'rish 

qobiliyatining pasayishi, qandli diabet yuzaga kelishi ehtimoli bor.


Me'yorni biling!


Har narsa o'z me'yorida foydali. Xitoyliklar glutomat natriyni kundalik hayotda ko'p 

ishlatishsa-da, biz undan oddiy tuz kabi foydalana olmaymiz. Chunki xitoyliklar organizmida 

ushbu moddaga nisbatan ko'nikma hosil bo'lgan, biz uchun esa u yot unsur. Tayyor salat yoki 

taomga 5-6 ta glutomat natriy kristallchalari kifoya. Undan ortig'i zararga ishlashini 

unutmang. Aslida, uyda tayyorlanadigan taomlar uchun oddiy tuzdan foydalanish eng maqbul 

yechim. Binobarin, glutomat natriy ozuqaviy qo'shimcha sifatida juda ko'p mahsulotlar tarkibida 

mavjud.


Arzonidan ehtiyot bo'ling


Afsuski, ba'zi ishlab chiqaruvchilar arzon va sifatsiz mahsulotlarni xaridorgir qilish 

maqsadida glutomat natriydan me'yordan ortiq foydalanishadi. Ularni iste'mol qilish yuqorida 

sanab o'tilgan salbiy oqibatlar, bundan tashqari, ortiqcha vazn va allergik kasalliklarga 

olib kelishi, surunkali xastaliklarni avj oldirishi mumkin. Glutomat natriy ko'p 

ishlatiladigan mahsulotlar ro'yxati bilan tanishing:


kolbasa va sosiska;

yarimtayyor go'sht mahsulotlari;

kartoshka chipsi;

qadoqdagi qotirilgan non bo'laklari;

tayyor souslar;

ketchup va mayonez.

Kimlarga taqiqlangan?


Yosh bolalar, homilador ayollar, keksalar, surunkali xastaligi bor kishilar koreys tuzi va 

yuqorida sanalgan mahsulotlarni juda ham kam iste'mol qilishlari kerak.