Keksa fuqarolar uchun maxsus internet – portal

Dorilomon zamonda yashash – baxt

– Prezidentimizning keksalarga ko’rsatayotgan e’tibori, hurmat-ehtiromidan ko’nglimiz tog’day ko’tariladi, – deydi Bozorboy ota. – Bu g’amxo’rlik umrimizga umr qo’shayotir. Shu kunlarga yetkazganiga behisob shukronalar aytaman. Ko’p yashagan – ko’p ko’radi. Men ham umrim davomida ko’p voqealarni, og’ir davrlarni boshdan kechirdim. Bolaligim dalada o’tdi. 18 yoshga to’lib-to’lmay urushga ketdim. Qirg’inbarot janglarda qatnashdim. Og’ir yaralanib, 9 oy gospitalda yotdim. Qishlog’imizdan urushga ketgan 30 dan ortiq yigitning aksariyati qaytmadi. Yaratganga shukr, shu kunlarga yetkazdi. Ozod va obod mamlakatda, tinch va osoyishta zamonda keksalik ham baxt ekan. Bugun dunyoning turli burchaklarida bo’layotgan urushlar haqida eshitganimda, eski yaram yangilanganday og’riq sezaman. Tinchlik – ulug’ ne’mat. Xalqimiz erishayotgan olamshumul yutuqlar, elimizning farovon turmushi Yurtboshimizning tinchliksevar siyosati tufaylidir.
Urushdan keyin Bozorboy O’rolov uzoq yillar dalada mehnat qildi. Hozir ham pandu nasihatlari bilan qishloqni obodonlashtirish, yoshlarni vatanparvarlik va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashga hissa qo’shib kelmoqda. Maktabda, kasb-hunar kollejida o’tkaziladigan tadbirlarda muntazam ishtirok etadi. Yoshlarga davlatimizning tinchliksevar siyosati samarasini mustaqillik yillarida qishloqda qurilgan zamonaviy maktab, kompyuter texnologiyalari kasb-hunar kolleji, namunaviy uylar, oilalardagi farovonlik misolida tushuntirib beradi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida otaning xonadoni yanada gavjum bo’ldi. Farzandu nabiralari, hamqishloqlari ishtirokida “Nuroniy” jamg’armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati kabi jamoat tashkilotlari vakillari Prezidentimizning “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag’batlantirish to’g’risida”gi farmoni asosida otaxonga pul mukofoti va sovg’alar topshirdi.
– Yoshi ulug’ insonlar Prezidentimiz rahnamoligida ko’rsatilayotgan alohida e’tibor va g’amxo’rlik, yaratilgan qulayliklardan, bugungi hayotidan mamnun yashamoqda, – deydi “Nuroniy” jamg’armasi Jizzax viloyati bo’limi raisi Norqul No’sharov. – Mahalla, hokimlik va boshqa jamoat tashkilotlari ularning holidan xabar olib, sovg’a-salomlar bilan yo’qlab turadi. Xotira va qadrlash kuni arafasida hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari barcha urush qatnashchilari, frontorti faxriylarining xonadonlariga borib sovg’a-salom topshirayotir.

Toshqul Beknazarov


Новость опубликовал(о): O'zbekiston "Mahalla" xayriya jamoat fondi
6 мая 2016