Keksa fuqarolar uchun maxsus internet – portal

“Nuroniylar maskani”ning ochilishi katta tantanaga aylandi

Prezidentimizning 2016-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, yurtimizning barcha tuman va shaharlarida faxriylar vaqtini mazmunli o‘tkazishi, hordiq chiqarishi, salomatligini mustahkamlashi uchun zarur shart-sharoitga ega “Nuroniylar maskani” majmualari tashkil etilmoqda.

Samarqand viloyatidagi 16 tuman va shaharda ham shu kunlarda mazkur maskanlar qurilishi ishlari yakunlanib, majmualar foydalanishga topshirilmoqda.

Samarqand shahri markazidagi so‘lim xiyobonda qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ sarflanib qurilgan va zamonaviy jihozlangan “Nuroniylar maskani”ning ochilishi katta tantanaga aylandi. Marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar ishtirok etdi.

“Nuroniylar maskani”ning ochilishi katta tantanaga aylandi

Xonadonimizning fayzi bo‘lgan keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatishdek ezgu an’analar davlatimiz ijtimoiy himoya siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Shu maqsadda mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini mustahkamlash va farovon turmushi uchun barcha sharoit yaratib berilmoqda. O‘z navbatida, yoshlarni yuksak ma’naviyatli insonlar etib tarbiyalash, turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishida nuroniylarimizning boy hayotiy tajribasi, shaxsiy ibrati qo‘l kelmoqda.

– Majmuaga kirib, to‘g‘risi, ko‘zimdan yosh chiqib ketdi, – deydi mehnat faxriysi Dilbar Imomova. – Biz uchun nimaiki zarur bo‘lsa, barchasi muhayyo etilgan. Kutubxona, tibbiyot xonasi, fitobar, faollar zali, milliy uslubdagi ayvon – barchasi bahri-dilimizni ochdi. “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand shahar bo‘limi ham endilikda ushbu binoda faoliyat ko‘rsatadi. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlikka javoban biz bu yerni ma’rifat maskaniga aylantirib, yoshlar bilan suhbatlar o‘tkazamiz, ularni ezgu ishlarga da’vat etamiz.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi T.Jo‘rayev so‘zga chiqdi.

Manba


27 сентября 2017