Keksa fuqarolar uchun maxsus internet – portal

Tadbir atoqli davlat arbobi va adib xotirasiga bag‘ishlandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida davlat va jamoat tashkilotlarida, ta’lim muassasalari va mahallalarda Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari bo‘lib o‘tmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Qarshi shahrida tashkil etildi. Qashqadaryo viloyati hokimligi, "O‘zbekneftgaz" aksiyadorlik jamiyati, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi vakillari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik ishtirok etgan tadbirda Sharof Rashidov g‘oyat murakkab va og‘ir yillarda respublikamizni boshqargani, mustabid tuzumning turli to‘siqlariga qaramay, O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan xizmat qilgani ta’kidlandi.

Qashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojida ham Sharof Rashidovning hissasi katta bo‘lgan. Xususan, Qarshi cho‘llarini o‘zlashtirish taklifi 1961-yili, Sharof Rashidov respublikamizga rahbarlik qilgan davrda tasdiqlangan. Mazkur loyihaga ko‘ra, Amudaryo suvi katta quvvatli mashinalar yordamida bir necha o‘n metr balandlikka ko‘tarib berilishi, ikki kanal – Qarshi va Sho‘rsuv tarmog‘i qurilishi, 1,8 milliard kub metr suv sig‘imiga ega Tallimarjon va Sho‘rsoy suv ombori barpo etilishi natijasida Qarshi dashtida 905 ming gektar yer o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. 1964-yili 77-kilometr uzunlikdagi 6 yirik nasos stansiyasi va Qarshi magistral kanali qurilishi boshlangan. Amudaryo suvini 152 metr balandlikka ko‘tarib beruvchi 6 nasos stansiyasi qurilgan.

Qarshi cho‘lining o‘zlashtirilishi tufayli shaxsan Sharof Rashidov tashabbusi bilan 1964-yilda Qashqadaryo viloyati qaytadan tashkil etilgan. Cho‘lning o‘zlashtirilishi natijasida 46 sovxoz, Kasbi, Usmon Yusupov, Nishon, Muborak, Bahoriston hamda Tallimarjon tumanlari tashkil etilgan. Qarshi cho‘lidagi dasht yerlarga suv kelishi u yerda yashayotgan aholi turmush farovonligini yaxshilashga xizmat qildi.

1.jpg

Sharof Rashidov davrida Qarshi cho‘lida tashkil etilgan tumanlarda ko‘plab sanoat korxonalari qurilib, foydalanishga topshirildi. Jumladan, Muborak gazni qayta ishlash zavodi yurtimizdagi yagona va ilk gazni qayta ishlash zavodi sifatida barpo etildi. Uning negizida gazchilar shahri Muborak shahri vujudga keldi. Qarshi shahrida ishlab chiqarish kengaydi. Masalan, Qarshi yog‘-ekstraksiya zavodi qurildi, tikuvchilik fabrikasi ishga tushirildi. Yirik agrosanoat korxonalari ish boshladi.

– Sharof Rashidov Qashqadaryo xalqining turmush farovonligini yuksaltirish uchun ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirgan, – deydi Komil Amirov. – Shaxsan u kishining tashabbusi bilan 60-yillarda “Hisorak” suv ombori qurilishi loyihalashtirilgan. Hali-hamon esimda, 1976-yil 14 iyun kuni Sharof Rashidov “Hisorak” suv omborining qurilishi boshlanishi munosabati bilan tamal toshini qo‘ygan edi. O‘sha paytlarda men muhandis-gidrotexnik bo‘lib ishlardim. 10-yildan ziyod muddatda barpo etilgan mazkur ob’ekt qurilishi jadal olib borildi. Mana shu suv omborining qurilishi natijasida Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumanlaridagi 50 ming gektar yerning suv bilan ta’minlanish darajasi yaxshilandi. 20 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirildi.

Tadbirda Sharof Rashidovning Qashqadaryo viloyatiga qilgan tashriflari bilan bog‘liq fotoko‘rgazma namoyish etildi. Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Z.Ro‘ziyev so‘zga chiqdi. 

Manba


18 октября 2017