Keksa fuqarolar uchun maxsus internet – portal

O‘zbekiston Islom akademiyasi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi nodavlat oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga muassislik qiladi.

Farmon oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim o‘quv yurtlari, ilmiy tadqiqotlar markazlarini yuqori ilmiy saviya va malakaga ega mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Bugun Toshkent islom instituti va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasida tahsil olayotgan 366 nafar талабага 87 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda. O‘rta maxsus islom bilim yurtlarida esa jami 1071 talabaga 246 nafar pedagog dars bermoqda.

Akademiya huzurida magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish, islomshunoslik fanlari magistri, falsafa doktori va islomshunoslik fanlari doktori ilmiy darajalarini berish bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Islom akademiyasi huzurida magistratura (2 yil), tayanch doktorantura (3 yil) va doktorantura (3 yil) faoliyat yuritadi. O‘qish va ilmiy mashg‘ulotlar kontrakt-grant asosida tashkil qilinadi.

Mustaqil tadqiqotchilar uchun masofadan o‘qish, tadqiqot ishlarini mustaqil olib borish imkoniyati yaratiladi, xorijdan doktorantlar va tadqiqotchilar o‘qish va amaliyotga shartnoma asosida qabul qilinadi.

2018−2019 o‘quv yilida magistraturaga talabalarni qabul qilish kvotasi 16 o‘rinni tashkil etadi. Kelgusi yillarda kvota miqdorini ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqqan holda Musulmonlar idorasi belgilaydi.

Manba


18 декабря 2017